Янгиликлар
06
Mirzaobod tumanida "O‘zbekistonning kuchli ijtimoiy siyosatida aholini qo‘llab-quvvatlash" mavzusida tadbir bo'lib o'tdi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (Ombudsman) Sirdaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan Adliya boshqarmasi, Mirzaobod tuman hokimligi, sog‘liqni saqlash boshqarmasi, Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi bilan hamkorlikda “Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida Mirzaobod tumanida fuqarolar uchun tadbir tashkil etildi.
“O‘zbekistonning kuchli ijtimoiy siyosatida aholini qo‘llab-quvvatlash” mavzusida bo‘lib o‘tgan mazkur tadbirda fuqarolarning pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar, kompensatsiya va boshqa to‘lovlarni tayinlash tartibi, aholiga ko‘rsatiladigan tibbiy, huquqiy va davlat xizmatlari sifatini yanada oshirish borasidagi ishlar, aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish masalalari muhokamalar markazida bo‘ldi.
Uchrashuvda tuman adliya bo‘limi boshlig‘i Hokimbek Erkaboyev so‘zga chiqib, fuqarolarning huquq va erkinliklariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash, ularga ko‘rsatilayotgan davlat va huquqiy xizmatlar ko‘lamini kengaytirishda adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish maqsadida qabul qilingan "Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida"gi Prezident farmoni mazmun-mohiyatini tushuntirdi.
Farmon bilan adliya vazirligining qo‘shimcha 4 ta yangi faoliyat yo‘nalishlari belgilanib, adliya bo‘limlariga 6 ta yangi vazifalar yuklatildi.
Muloqotda aholining kundalik hayotida uchraydigan huquqiy muammolarni aniqlash, tahlil qilish va bartaraf etishda adliya organlarining roli va mas’uliyati haqida alohida to‘xtalib o‘tildi.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Axborot xizmati