Янгиликлар
02
"Adliya huquqiy sayli" yoshlarni birlashtirdi
Adliya huquqiy sayli. Guliston shahar adliya bo‘limi tomonidan “Ma’naviyat” mahallasida tashkil etilgan ushbu tadbir soliq sektori hududida joylashgan, adliya bo‘limi tomonidan otaliqqa olingan umumta’lim maktablaridagi o‘quvchi yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish hamda bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadiga qaratildi.
Tadbir qonunchilikdagi yangiliklar targ‘iboti bilan boshlandi. Bunda Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 16-apreldagi 204-son qarori, huquqbuzarliklar profilaktikasi, korrupsiya, odam savdosiga qarshi kurashishga oid qonunchilik hujjatlari mazmun-mohiyati aholi va yoshlarga batafsil tushuntirildi.
Tadbir doirasida “Huquqingni bil” aksiyasi o‘tkazilib, bunda yoshlarning Konstitutsiyaga oid bilimlari test va viktorina savollari orqali sinovdan o‘tkazildi.
Guliston shahar bandlikka ko‘maklashish markazi mazkur tadbirda mavjud bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi bilan ishtirok etdi. Anchadan buyon ishsiz yurgan mahalla yoshlari uchun bu ayni muddao bo‘ldi. Mutaxassislik diplomiga ega bo‘lmagan yigit-qizlar uchun ham munosib ish o‘rinlari taklif qilindi.
Shuningdek, “Sog‘lom avlod uchun” hukumatga qarashli bo‘lmagan xalqaro jamg‘armasi tomonidan aholiga bepul dori-darmonlar tarqatildi.
Tadbir davomida sportning futbol, stol tennisi, shaxmat va shashka turlari bo‘yicha yoshlar o‘rtasida musobaqalar o‘tkazildi.
Yoshlarning bo'sh vaqtini mazmunli tashkil etish, huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida o'tkazilgan mazkur tadbir ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Yakunda tanlov va musobaqalar g'oliblariga adliya bo'limining sovg‘alari topshirildi.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Axborot xizmati