Янгиликлар
14
Kompensatsiya muammosi hal bo'ldi
Buxoro viloyati Qorakoʻl tumanida yashovchi O. Ibragimov Sayxunobod tuman 13-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabida 2022-yildan buyon matematika fani oʻqituvchisi vazifasida ishlab kelmoqda.
Fuqaro O. Ibragimov taʼlim darajasi yuqori boʻlmagan Sayxunobod tumanidagi 13-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabida taʼlim berish uchun boshqa hududdan oʻqituvchi-pedagog sifatida jalb etilgan boʻlsada, tuman hokimligi tomonidan unga uy-joyi uchun har oylik pul kompensatsiyasi to‘lab berilmagan.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi tomonidan fuqaro O. Ibragimovning ijara toʻlovlari uchun har oylik kompensatsiya pullari toʻlab berilmayotganligidan norozi boʻlib qilgan murojaati oʻrganib chiqildi.
Aniqlanishicha, Sayxunobod tumanidagi 13-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabi Xalq taʼlimi vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan 2022-yilda tasdiqlangan taʼlim darajasi yuqori boʻlmagan maktablar roʻyxatiga kiritilgan.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-oktabrdagi 646-son qarori bilan tasdiqlangan “Taʻlim darajasi yuqori boʻlmagan maktablarda taʻlim berish uchun boshqa hududlardan oʻqituvchi-pedagoglarni jalb etish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomning 26-bandida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari boshqa hududdan taʻlim darajasi yuqori boʻlmagan maktablarga jalb etilgan oʻqituvchi-pedagoglarga munosib sharoitlar yaratish uchun ularni borgan hududda uy-joyi boʻlmagan taqdirda, tegishli tuman (shahar) hokimliklari tomonidan faoliyat olib borgan davriga, biroq 2 yildan ortiq boʻlmagan muddat davomida xizmat uy-joylari yoki tuman (shahar)lar mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida har oylik pul kompensatsiyasi berilishini taʻminlashi belgilab qoʻyilgan.
Yuqoridagilarga asosan Adliya boshqarmasi tomonidan aniqlangan ushbu qonunbuzilish holatini bartaraf etish yuzasidan Sayxunobod tuman hokimligiga taqdimnoma kiritildi.
Natijada Xalq deputatlari Sayxunobod tuman Kengashining qarori bilan tuman hokimining tegishli farmoyishi qabul qilindi hamda adliya aralashuvi bilan xodimning huquqlari tiklanib, ijara to‘lovlari uchun 12 120 000 so‘m miqdorida kompensatsiya pullari to‘lab berilishi ta’minlandi.
Timur Karimov
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Inson huquqlarini himoya qilish sho'basi boshlig'i