Янгиликлар
15
TADBIRKOR MANFAATLARI HIMOYA QILINDI
“Trans Imkon Servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan Guliston tuman yo`llardan foydalanish unitar korxonasi o‘rtasida transport va mexanizm xizmati ko‘rsatish to‘g‘risida shartnomalar tuzilgan bo‘lib, unga ko‘ra, MCHJ qurilish ob’yektida texnikasi va transport vositalari bilan xizmat ko‘rsatishni amalga oshirishi, unitar korxona esa bajarilgan ish uchun shartnoma bo‘yicha to‘lovni amalga oshirishi belgilangan.
Shartnomaga asosan bajarilgan ishlar uchun hisob-kitob har oyda amalga oshirilishi lozim bo‘lsada, Guliston tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlar amalga oshirilmasdan kelingan va natijada 48 443 433 so‘m miqdorda qarzdorlik yuzaga kelgan.
Ushbu holat yuzasidan MCHJ rahbarining Guliston tuman adliya bo‘limiga qilgan murojaati qonunchilik talablari asosida o‘rganildi.
“Xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida”gi Qonunning 7-moddasiga binoan, shartnoma taraflari, tuzilgan xo‘jalik shartnomalari bo‘yicha zimmalariga olgan majburiyatlarni o‘z vaqtida va tegishli tartibda bajarilishi shart ekanligi ko‘rsatilgan.
Shuningdek, Qonunning 32-moddasiga asosan yetkazib berilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) haqini o‘z vaqtida to‘lamaganlik uchun sotib oluvchi (buyurtmachi) yetkazib beruvchiga o‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun kechiktirilgan to‘lov summasining 0,4 foizi miqdorida, ammo kechiktirilgan to‘lov summasining 50 foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorida penya to‘lanishi belgilangan.
Yuqoridagilarga asosan adliya bo‘limi tomonidan “Trans Imkon Servis” MCHJ manfaatida Guliston tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi kiritildi.
Qayd etilganlarga asoslanib, mazkur da’vo arizasi qanoatlantirildi, sudning hal qiluv qarori bilan “Guliston tuman yo`llardan foydalanish” unitar korxonasi hisobidan “Trans Imkon Servis” MCHJ foydasiga 48 443 433 so‘m asosiy qarz, 3 000 000 so‘m penya hamda respublika byudjetiga 1 065 755,52 so‘m davlat boji undirilishi belgilandi.
Shavkat Iskanov,
Guliston tuman adliya bo‘limi boshlig‘i