Янгиликлар
23
Adliya vaziri o‘rinbosari Sirdaryo viloyatida adliya bo‘limlari faoliyati bilan tanishmoqda
Bugun adliya vaziri o‘rinbosari X.Meliyev boshchiligidagi ishchi guruh Sayxunobod, Mirzaobod, Sirdaryo tumanlari adliya bo‘limlari, Davlat xizmatlari markazlari, FHDY organlari, yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari ish faoliyati bilan tanishdi.
Vazir o‘rinbosari dastlab Sayxunobod tuman Davlat xizmatlari markazida bo‘lib, bu yerda aholi va tadbirkorliklarga yaratilgan sharoitlar, moddiy-texnik baza, fuqarolar uchun zarur bo‘lgan maʼlumotlar burchagining mavjudligi, binoning kuz-qish mavsumiga shayligi holatini ko‘zdan kechirdi.
Shuningdek, tizimda faoliyat olib borayotgan xodimlar bilan suhbatlashib aholi va tadbirkorlik subyektlari ehtiyojlarini to‘liq qanoatlantirishga to‘sqinlik qilayotgan ayrim tizimli muammolar o‘rganildi hamda ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yana-da yaxshilash bo‘yicha takliflari tinglandi.
Vazirlik masʼullarining tuman adliya bo‘limlari, Davlat xizmatlari markazlari, FHDY organlari, yuridik xizmat ko‘rsatish markazi xodimlari bilan muloqotida sohada kuzatilayotgan mavjud muammolar atroflicha tahlil qilinib, ularni bartaraf etish yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi.
Uchrashuvlar davomida xodimlar tomonidan sohani takomillashtirish, kasbiy bilim va malakani oshirish, aholiga huquqiy va davlat xizmatlari ko‘rsatish sifatini yana-da yaxshilash bo‘yicha o‘rtaga tashlangan taklif va mulohazalar muhokama qilinib, zarur tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
Adliya boshqarmasi axborot xizmati