Bog'lanish

Telefon
(+998 67) 226-02-53

Elektron manzil
sirdaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

18

Yangi mehnat kodeksi - inson farovonligi va jamiyat taraqqiyotiga xizmat qiladi


Mamlakatimizda soʻnggi yillarda fuqarolarning huquq va erkinliklarini taʼminlash, ularning kasb tanlash va oʻz sevgan sohasida mehnat qilishlari uchun adolatli va xavfsiz sharoitlarni taʼminlash boʻyicha huquqlari davlat tomonidan kafolatlanishiga alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda. Biz buni yangi tahrirdagi Mehnat kodeksda ham koʻrishimiz mumkin.

2022-yilning 28-oktyabr kuni davlatimiz rahbari tomonidan yangilangan “Oʻzbekiston Mehnat kodeksini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qonun imzolangandan soʻng, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksida ish beruvchi hamda ishchi-xodimning mehnatga oid huquqlari yanada mustahkamlab qoʻyilgandi.

Ushbu kodeksni ishlab chiqish haqidagi ustuvor vazifalar bundan olti yil avval, aniqrogʻi, 2017-yil 7-fevralda qabul qilingan Harakatlar strategiyasida belgilangan edi. Albatta, yurtimizda olib borilayotgan islohotlar zamiridagi “Inson qadri» gʻoyasi har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishi uchun uning fundamental huquq va erkinliklarini taʼminlashni nazarda tutadi.

Quyida mehnat taʼtili va bayram munosabati bilan dam olish kunlari boʻyicha Mehnat kodeksiga kiritilgan yangi normalar haqida to‘xtalib o‘tamiz.

Avvalgi Mehnat kodeksiga asosan, yillik asosiy taʼtil muddati oʻn besh ish kunini tashkil etardi. Yangi Mehnat kodeksida yillik asosiy mehnat taʼtili davomiyligining eng kam muddati yigirma bir kalendar kuni etib belgilandi va xalqaro standartga muvofiqlashtirildi.

Yaʼni, ushbu kodeksning 220-moddasiga koʻra, endilikda xodimning bitta tashkilotda yoki tarmoqda koʻp yillik ish staji uchun har yilgi qoʻshimcha mehnat taʼtili berilishi koʻzda tutilgan. Yaʼni, xodimga u bitta tashkilotda yoki tarmoqda ishlagan har besh yil uchun davomiyligi ikki kalendar kun boʻlgan, biroq jami sakkiz kalendar kundan koʻp boʻlmagan har yilgi qoʻshimcha mehnat taʼtili berilishi nazarda tutilgan. Shuni alohida nazarda tutishimiz joizki, xodim biron-bir tashkilotda yigirma yildan oshiqroq ishlgan bo’lsa ham sakkiz kundan oshiq qo‘shimcha ta’til ololmaydi.  

Yurtimizda muhim voqealarga bagʻishlangan, anʼana sifatida nishonlanadigan, ish kuni hisoblanmaydigan, ya’ni ishlanmaydigan bayram kunlari mavjud. Yangi Mehnat kodeksiga asosan, agarda dam olish kuni bayram kuniga toʻgʻri kelib qolsa, xodimlar bayram munosabati bilan beriladigan qoʻshimcha dam olish kunlari evaziga oila davrasida, yaqinlari bilan hordiq chiqarish, bayramni koʻngildagidek nishonlash imkoniga ega boʻlishlari uchun u keyingi ish kuniga koʻchiriladigan boʻldi.

Masalan, besh kunlik ish haftasida ishlaydigan xodim shanba kuni dam oladi va 8-dekabr – Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni dam olish kuni shanba kuniga toʻgʻri kelib qoldi. Bunda qoidaga asosan, shanba kunida nazarda tutilgan dam olish kuni 10-dekabr sanasiga ko‘chiriladi.  Ilgari bunday tartib mavjud emas edi.

Bir soʻz bilan aytganda, yangi Mehnat kodeksi xodimlar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlashda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.



Doston XOLMATOV,

Guliston shahar adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti