Янгиликлар
30
Nodavlat notijorat tashkilotlari faolligini oshirish - davr talabi
Mamlakatimizda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash, davlat organlari va ular o‘rtasida ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish, ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar natijasida nodavlat notijorat tashkilotlari jamiyatimizda tobora mustahkam o‘rin egallamoqda.
Sirdaryo viloyatida ham bugungi kunda 500 ga yaqin nodavlat notijorat tashkilotlari mavjud bo‘lib, ular jamiyatning u yoki bu sohasida faoliyat ko‘rsatib keladi. 2023 yilda viloyatdagi 76 ta nodavlat notijorat tashkilotlari grant tanlovlarida o‘z loyihasi bilan qatnashib, 22 tasi moliyaviy qo‘llab-quvvatlandi.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi, “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti bilan hamkorlikda Guliston shahrida joylashgan nodavlat notijorat tashkilotlar uyida tashkil etilgan davra suhbatida davlat organlari hamda nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish mexanizmlari, xotin-qizlar huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda ularning oila va jamiyatdagi mavqeini yuksaltirishda NNTlarning ishtirokini kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Ochiq muloqot ruhida o‘tgan mazkur tadbirda NNTlar vakillari tomonidan yechimini kutayotgan muammolar, ularni bartaraf etish yuzasidan tegishli takliflar ham o‘rtaga tashlandi.
Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-829 son Qonuni mazmun-mohiyati taqdimot materiallari asosida batafsil tushuntirildi.
Tadbir yakunida adliya boshqarmasida davlat ro‘yxatidan o‘tgan 2 ta nodavlat notijorat tashkiloti rahbarlariga guvohnomalar topshirildi.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Axborot xizmati