Янгиликлар
04
Adliya tadbirkorning manfaatlarini sudda himoya qildi
Sayxunobod tumani adliya bo‘limiga “Ozod-Malika yoʻl qurilish” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbaridan murojaat kelib tushdi.
Unda “Ozod-Malika yoʻl qurilish” masʼuliyati cheklangan jamiyati va Guliston tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi o'rtasida ko'chalarni joriy ta'mirlash bo'yicha shartnoma tuzilganligi, biroq Guliston tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi tomonidan shartnoma shartlari buzilib, bajarilgan ishlar uchun 83 064 338 soʻm miqdoridagi qarzdorlik to‘lab berilmayotgani haqida bayon qilingan.
Mazkur murojaat adliya bo‘limi tomonidan ish yurituvga olininb, qonunchilik talablari asosida o‘rganildi.
Aniqlanishicha, “Ozod-Malika yoʻl qurilish” masʼuliyati cheklangan jamiyati bilan qarzdor ya’ni Guliston tuman yoʻllardan foydalanish unitar korxonasi oʻrtasida 2017-yil 18-mayda hamda 2018-yil 8-noyabrda pudrat shartnomalari tuzilgan.
Shartnomalarga asosan tadbirkor tomonidan Guliston tumaniga qarashli 20 ga yaqin ko‘chalarda joriy ta’mirlash ishlari olib borilgan, biroq bajarilgan ushbu ishlar uchun Guliston tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi tomonidan to‘lovlar amalga oshirilmagan.
Boz ustiga, MCHJ tomonidan qarzdorlikni bartaraf etish to‘g‘risida yuborilgan talabnomalar ham oqibatsiz qoldirilgan.
FKning 236-moddasiga binoan majburiyatlar majburiyat shartlariga va qonunchilik talablariga muvofiq, bunday shartlar va talablar bo‘lmaganida esa— ish muomalasi odatlariga yoki odatda qo‘yiladigan boshqa talablarga muvofiq lozim darajada bajarilishi kerak.
“Xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunining 32-moddasi ikkinchi qismida, yetkazib berilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) haqini o‘z vaqtida to‘lamaganlik uchun sotib oluvchi (buyurtmachi) yetkazib beruvchiga o‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun kechiktirilgan to‘lov summasining 0,4 foizi miqdorida, ammo kechiktirilgan to‘lov summasining 50 foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorida penya to‘lashi belgilangan.
Yuqoridagilarga asosan, Sayxunobod tuman adliya bo‘limi tomonidan “Ozod-Malika yoʻl qurilish” masʼuliyati cheklangan jamiyati manfaatini ko‘zlab Guliston tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi kiritildi.
Natijada, adliya bo‘limining da’vo arizasi qanoatlantirilib, sudning hal qiluv qarori bilan Guliston tuman yoʻllardan foydalanish unitar korxonasi hisobidan “Ozod-Malika yoʻl qurilish” masʼuliyati cheklangan jamiyati foydasiga 83 064 338 so‘m miqdoridagi asosiy qarz, 12 000 000 so‘m penya undiriladigan bo‘ldi. Bundan tashqari, shartnoma majburiyatlarini bajarmagan unitar korxona respublika byudjetiga 2 491 930, 14 so‘m miqdorida davlat boji to‘lashi belgilandi.
Farxod Siddikov,
Sayxunobod tuman adliya bo'limi bosh maslahatchisi