Янгиликлар
14
Konstitutsiya - inson manfaatlari kafolati
Sentabr. Har yili sentabr kelishi bilan maktabning yuqori sinf o‘quvchilari qalbida ikki xil tuyg‘u paydo bo‘ladi. Birinchisi: yangi o‘quv yili boshlanishi, sinfdoshlar davrasi maktabning so‘nggi yillaridagi zavq bo‘lsa, ikkinchisi: o‘quv yili boshlanganligiga o‘n kun o‘tar-o‘tmas boshlanadigan paxta yig‘im- terimi xayoli. Maktabda yoki institutda endigina ishtiyoq bilan o‘qib boshlagan o‘quvchilar o‘z " tashabbus" lari ila "ixtiyoriy" majburiy terimga jo‘nashadi va maktabning birinchi choragini o‘sha yoqda "maroq ila" o‘tkazishadi. Yana ham hayratlanarlisi, ular paxta terimida mehnat qilishibdi-yu, lekin qaytib kelib qarashsa jurnalda shu paytgacha bo‘lgan mavzularni ham to‘laligicha o‘zlashtirib bo‘lishgan ekan.
Yuqoridagi holat bir necha yillar oldin ko‘pchilikning boshidan o‘tgan ayni holat. Ko‘rib turib ko‘rmaganlikka, bilib turib bilmaganlikka olgan holatdir. Vaholanki, Konstitutsiyaning 21-moddasida "Har kim o‘z shaxsini erkin kamol toptirish huquqiga ega. Hech kim uning roziligisiz qonunchilikda belgilanmagan majburiyat yuklatishi mumkin emas deb belgilangan.
Inson o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, jamiyat hamda davlatning huquqlari erkinliklari va qonuniy manfaatlariga putur yetkazmasligi shart" deya belgilab qo‘yilgan.
Bundan tashqari, Yangi konstitutsiyada ham ta’lim sifatini yanada yaxshilash maqsadida bolalar mehnati taqiqlandi, jumladan, "Bolalar mehnatining bolaning sog‘lig‘iga, xavfsizligiga axloqiga aqliy va jismoniy rivojlanishiga xavf soluvchi, shu jumladan, uning ta’lim olishiga to‘sqinlik qiluvchi har qanday shakli taqiqlanadi". Bu albatta yuqoridagi holatning aksi o‘laroq quvonarlidir.
Jamiyatdagi har bir narsa insonlar manfaati uchun ularning yashash sharotini yaxshilash uchun xizmat qilish kerakligi haqida oxirgi paytlar mamlakatimiz Prezidenti tomonidan tez- tez takrorlanmoqda va shu jumladan, bu borada bir qancha amaliy va huquqiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Yangi Konstitutsiyaning qabul qilinganligi, unda O‘zbekistonning ijtimoiy davlat deya belgilanganligi va inson huquq va erkinliklarining yanada mustahkamligini inson qadrining yana bir necha pog‘ona ko‘tarilganligining isbotidir. Zeroki, islohotlar faqatgina qog‘ozda emas, amalda ham yuzaga chiqishi kerak.
Qonun qabul qilinganligi bilan uning mazmun-mohiyatini aholiga chuqur tushuntirish aholining huquqiy savodxonligini oshirish huquq-tartibot idoralari xodimlarining zimmasidagi yuksak ma’suliyatdir.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, yangi Konstitutsiyada har bir huquq normasi aholi manfaatlarini ko‘zlagan holda tuzilib, insonlarga e’tibor hamda g‘amxo‘rlik qilish-davlat va jamiyatning asosiy burchi ekanligi mustahkamlandi. Zero, Konstitutsiya inson manfaatlari uchundir.
I.G‘affarov,
Shirin shahar adliya bo‘limi
YUXKM bosh yuriskonsulti