Янгиликлар
20
Mahallada xavfsiz muhitni yaratish, osoyishtalikni ta’minlash muhim vazifa
Mamlakatimizda huquqbuzarliklar profilaktikasini samarali tashkil etish va amalga oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada Ichki ishlar va adliya organlari hamkorligida “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Ayniqsa, “mahallabay” huquqiy targ‘ibot tadbirlarining olib borilayotgani jinoyatchilikning oldini olish, huquqbuzarliklarga qarshi kurashishda muhim omil bo‘lmoqda. Oqoltin tumanidagi “Shodlik” mahallasi “qizil” hudud toifasiga kiritilgan. Mahallada xavfsiz muhitni yaratish, osoyishtalikni ta’minlash esa galdagi muhim vazifa. Tuman adliya va ichki ishlar bo‘limlari mas’ul xodimlarining aholi bilan muloqoti ayni maqsadga qaratildi.
Uchrashuvda dastlab mahallada sodir etilgan jinoyatlar tahlil qilinib, ularni sodir etish sabablari va omillari o‘rganildi. Muloqot mobaynida o‘g‘irlik, firibgarlik, tovlamachilik, kiberxavfsizlik kabi jinoyatlar va bu jinoyatlar uchun belgilangan jazo choralari, korrupsiya va odam savdosi jinoyatlarining ayanchli oqibatlari haqida haqida to‘xtalib o‘tildi. Shuningdek, alkogolni suiisteʼmol qiluvchi yoki giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni va aql-iroda faoliyatiga taʼsir etuvchi boshqa moddalarni isteʼmol qiluvchi shaxslar bilan profilaktik suhbat olib borish, ayniqsa jinoyat sodir etishga moyil boʻlgan ishsiz fuqarolar o‘rtasida tushuntirish-targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirish bo‘yicha kelishib olindi.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Axborot xizmati