Bog'lanish

Telefon
(+998 67) 226-02-53

Elektron manzil
sirdaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

26

Shartlashildi, biroq shartnoma majburiyatlari bajarilmadi


Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasiga “Mega leader” MCHJ rahbaridan murojaat kelib tushdi.

Ma’lum qilinishicha, 2019-yil 30-yanvar kuni “Mega leader” MCHJ bilan Sirdaryo viloyati hokimligining qurilish bo'yicha yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi o‘rtasida 1-sonli pudrat shartnomasi tuzilgan.

Shartnoma shartlariga asosan mas’uliyati cheklangan jamiyati loyihada ko‘zda tutilgan ob’yekt Sirdaryo viloyati Yangiyer shahar T.Malik mahallasidagi suv inshoatini rekonstruksiya qilishi, injiniring kompaniyasi esa pudratchiga ta’mirlash ishlarini bajarish uchun zarur sharoitlar yaratish, ularni qabul qilish va to‘lovni amalga oshirish majburiyatini olishi nazarda tutilgan.

Pudratchi tomonidan ta’mirlash ishlari yakuniga yetkazilib, 2019-yil 14-fevralda suv inshooti foydalanishga topshirilgan. Biroq, Sirdaryo viloyati hokimligining qurilish bo‘yicha yagona injiniring kompaniyasi tomonidan shartnomada belgilangan kafolat muddati o‘tgandan keyin bajarilgan ishlar qiymatining 5 foizlik kafolat summasi, ya’ni 94 450 000 so‘m to‘lab berilmagan.

Mazkur murojaatni o‘rganish jarayonida tadbirkorning e’tirozlari asosli bo‘lib chiqdi.  Ushbu qarzdorlik 2019-yil 14-fevralda suv tarmog‘i qurilish ishlarini bajarish ishlari tugallangan ob’yektni foydalanishga qabul qilish to‘g‘risida Davlat ishchi va hay’at komissiyasining tegishli dalolatnomasi va buyurtmachi tomonidan 2019-yil 29-iyunda tasdiqlangan hisob-kitob ma’lumotnomasida ham o‘z tasdig‘ini topdi.

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 638-moddasiga ko‘ra, agar pudrat shartnomasida bajarilgan ishga yoki uning ayrim bosqichlariga oldindan haq to‘lash nazarda tutilgan bo‘lmasa, buyurtmachi pudratchiga shartlashilgan haqni ish tegishli tarzda va kelishilgan muddatda yoxud buyurtmachining roziligi bilan muddatidan oldin bajarilib, uning natijalari uzil-kesil topshirilganidan keyin to‘lashi shart.

Ushbu kodeksning 236-moddasiga muvofiq, majburiyatlar majburiyat shartlariga va qonunchilik talablariga muvofiq, bunday shartlar va talablar bo‘lmaganida esa - ish muomalasi odatlariga yoki odatda qo‘yiladigan boshqa talablarga muvofiq lozim darajada bajarilishi kerak.

Mazkur kodeksning 242-moddasiga ko‘ra, agar majburiyatni bajarish muddati ko‘rsatilmagan yoki talab qilib olish payti bilan belgilab qo‘yilgan bo‘lsa, kreditor har qachon ijroni talab qilishga, qarzdor esa - ijroni har qachon amalga oshirishga haqli bo‘ladi. Majburiyatni darhol bajarish vazifasi qonun, shartnoma yoki majburiyatning mohiyatidan anglashilmasa, qarzdor bunday majburiyatni kreditor talab qilgan kundan boshlab yetti kunlik muddat ichida bajarishi shart.

Shuningdek, “Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida”gi Qonunning 32-moddasiga asosan yetkazib berilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) haqini o‘z vaqtida to‘lamaganlik uchun sotib oluvchi (buyurtmachi) yetkazib beruvchiga o‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun kechiktirilgan to‘lov summasining 0,4 foizi miqdorida, ammo kechiktirilgan to‘lov summasining 50 foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorida penya to‘laydi.

Yuqoridagi normalarga asosan Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi tomonidan tadbirkor manfaatida Guliston tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi kiritildi.

Mazkur ish ochiq sud majlisida ko‘rib chiqilib, qanoatlantirildi.Sudning hal qiluv qarori bilan Sirdaryo viloyati hokimligining qurilish bo'yicha yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi hisobidan “Mega leader” MCHJ foydasiga 94 450 000 so‘m miqdorida asosiy qarz, 6 700 000 so‘m miqdorida penya undirilishi belgilandi. Bundan tashqari, injiniring kompaniya respublika byudjetiga 2 833 500 so‘m miqdorida davlat boji to‘laydigan bo‘ldi.



Javohir Komilov,
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi mas’ul xodimi