Янгиликлар
11
Oilaning tinch-totuvligi-mehnat samaradorligi garovi
Kadastr agentligi hamda Davlat kadastrlari palatasi Sirdaryo viloyati boshqarmalari tashabbusi bilan Adliya hamda Oila va xotin-qizlar boshqarmalari hamkorligida “Oilaning tinch-totuvligi-mehnat samaradorligi garovi” mavzusida tizimda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar uchun seminar va sayyor qabul tashkil etildi. Unda kadastr sohasida faoliyat olib borayotgan 50 dan ziyod xotin-qizlar ishtirok etishdi.
Tadbirda dastlab mamlakatimizda xotin-qizlarni har-tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishga qaratilgan islohotlar xususida fikr-mulohazalar bildirild, oila va jamiyatda ayollarning tutgan o‘rni haqida mas’ullarning ma’ruzalari tinglandi.
Shundan so‘ng, tizimda faoliyat olib borayotgan xotin-qizlarga yaratilgan shart-sharoitlar, ularni qo'llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tildi.
Dastur rejasiga muvofiq tizimdagi xotin-qizlarining muammolarini o‘rganish maqsadida sayyor qabul tashkil etildi. Jarayonda uy-joy, vasiylikni belgilash, nikohni qonuniy qayd etish, mehnat munosabatlariga oid 10 ga yaqin murojaatlar kelib tushdi, shuningdek sohani yanada takomillashtirish bo‘yicha qator takliflar ilgari surildi. Mas’ullar tomonidan murojaatlarga joyida zarur huquqiy tushuntirishlar berilib, 4 ta murojaat o‘rganish uchun ish yurituvga olindi.
Hamkorlikdagi mazkur tadbir kadastr tizimida faoliyat olib borayotgan xotin-qizlarning huquqiy, psixologik, dunyoviy bilimlarini oshirish barobarida, jamoaviy ishchanlik muhitini yanada barqarorlashtirishga xizmat qildi, deyish mumkin.
Tadbir yakunida barcha xotin-qizlarga esdalik sovg'alari hamda tashakkurnomalar topshirildi.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Axborot xizmati