Янгиликлар
13
Yoshlarga g'amxo'rlik ko'rsatildi
Yoshlarga e’tibor – kelajakka e’tibor. Mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda yangicha yondashilmoqda. Har bir hududdagi alohida e’tiborga muhtoj yoshlarga g‘amxo‘rlik qilish va doimiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tartib joriy etilib, respublika, viloyat, tuman rahbar kadrlarining mas’uliyati aniq belgilab berildi. Ishsiz, kam daromadli, nogironligi bo‘lgan, hayotda o‘z o‘rnini topishga intilayotgan yoshlarga rahbar kadrlar mas’ul sifatida biriktirildi.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i S.Sattarov Guliston shahar “Bo‘ston” mahallasidan biriktirilgan 50 nafar yoshlar va ularning ota-onalari bilan doimiy muloqotda bo‘lib, ularning muammolarini o‘rgandi, orzu-istaklari, rejalari bilan qiziqdi.
Jumladan, S.Qurbonovning tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, A.Turdialiyevning salomatligini tiklash uchun zarur dori vositalarini xarid qilishda amaliy yordam so‘rab qilgan murojaatlari alohida nazoratga olindi.
“Yoshlar daftari”da turuvchi M. Krivanosova va L.Usmonqulovaning dori-darmon masalasidagi murojaatlari qanoatlantirilib, zarur dori-darmonlar olib berildi. D.Samatovning kompyuterli bo‘lish orzusi nihoyat ushaldi. Adliya boshqarmasi tomonidan D.Samatovga kompyuter jamlanmasi sovg‘a qilindi.
Darhaqiqat, bugun yoshlarga kamarbasta bo‘lish – umummilliy maqsad, muqaddas burch sifatida e’tirof etilmoqda. Yoshlarga qaratilayotgan e’tibor, ko‘rsatilayotgan yordamlar, berilayotgan amaliy tavsiya va huquqiy tushunchalar ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, yurtga daxldorlik hissini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Axborot xizmati