Янгиликлар
08
"Sport targ'ibotchisi"ning ustamasi to'lab berildi
Ashurmurad Mirzayev Sayxunobod tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi jismoniy tarbiya fani metodisti sifatida faoliyat yuritib keladi. Tegishli buyruq bilan unga “Sport targ‘ibotchisi” qo‘shimcha vazifasi yuklatildi va lavozim maoshiga 20 foiz miqdorida ustama haq to‘lanishi belgilandi. Biroq, A.Mirzayevga ustama pullari to‘lab berilmadi.
Ushbu qonunbuzilish holati Sayxunobod tuman adliya bo'limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-oktabrdagi 6099-son “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan monitoring jarayonida aniqlandi.
Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-oktabrdagi 6099-son “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorining 13-bandida sog‘lom turmush tarzi va ommaviy sportni rivojlantirish maqsadida mehnat jamoalarida faoliyat yuritayotgan xodimga “Sport targ‘ibotchisi” qo‘shimcha vazifasini yuklash va uning bazaviy lavozim maoshiga 20 foiz miqdorida ustama to'lanishi qayd etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 244-moddasi 1-qismi beshinchi xatboshisida mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda xodimlarning mehnatiga haq to‘lash sohasidagi asosiy kafolatlardan biri – ish beruvchining o‘z moliyaviy ahvolidan qat’i nazar, qonunchilikda, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, mehnat shartnomasida belgilangan mehnatga haq to‘lash shartlariga muvofiq xodimlar tomonidan bajarilgan ish uchun haq to‘lashni amalga oshirish majburiyatini mustahkamlab qo‘yish belgilangan.
Yuqoridagilarga asosan adliya bo‘limi tomonidan fuqaro A.Mirzayev manfaatida fuqarolik ishlari bo‘yicha Sirdaryo tumanlararo sudiga daʼvo arizasi kiritildi.
Natijada mazkur da’vo arizasi qanoatlantirilib, sudning hal qiluv qarori bilan Sayxunobod tumani Maktabgacha va maktab taʼlim boʻlimi orqali byudjetdan tashqari maxsus jamg‘arma hisobidan A.Mirzayev foydasiga 8.861.017 soʻm undirilishi belgilandi.
Baxtiyor Nazarov,
Sayxunobod tuman adliya bo'limi boshlig'i