Янгиликлар
22
Davlat xizmatlari : tezkor, qulay va sifatli xizmat
Jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, ortiqcha ma’muriy tartib-taomillarni bartaraf etish hisobiga tezkor, qulay va sifatli davlat xizmatlari ko‘rsatilishini ta’minlash adliya organlarining asosiy vazifalaridan biridir. Shunga ko‘ra, Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi va tuman (shahar) adliya bo‘limlari tomonidan davlat xizmatlari ko‘rsatilishi ahvoli doimiy monitoring qilib boriladi.
Joriy yil yanvar-iyun oylarida o'tkazilgan monitoring davomida viloyatda qurilish va ko‘chmas mulk sohasida arizalarni vakolatli organlar tomonidan ko‘rib chiqishda tegishli reglamentlar va davlat xizmatlarining ko‘rsatish talablari buzilish holatlari aniqlandi. Adliya boshqarmasida kadastrlar palatasi hamda qurilish va uy-joy xo‘jaligi boshqarmalarining tuman-shaharlardagi davlat xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha mas’ul xodimlari ishtirokida tashkil etilgan amaliy seminarda davlat xizmatlari ko‘rsatilishi sohasida huquqni qo‘llash amaliyotini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Vazirlar Mahkamasining “Qurilish sohasiga oid yagona ma’muriy qurilish reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bilan bino va inshootlarning tashqi ko‘rinishini o‘zgartirishni kelishish, bino va inshootlarning ixtisoslashishini o‘zgartirish, qayta qurish, rekonstruksiya qilish hamda o‘z hududida qo‘shimcha bino va inshootlarni qurishni loyihalashtirishga ruxsatnoma berish, qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun ob’yektni ro‘yxatdan o‘tkazish, loyiha-smeta hujjatlarini kelishish, ko‘chmas mulk buzilishga tushgan yoki tushmaganligi to‘g‘risida ma’lumotnoma berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentlari tasdiqlangan.
Seminarda mazkur reglamentlar bo‘yicha viloyatda davlat xizmatlari ko‘rsatilishi holati, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar tahlil qilindi. Tadbir davomida boshqarma mas’ul xodimlari tomonidan ma’muriy reglamentlar talablari to‘liq tushuntirilib, kamchiklarni bartaraf etish yuzasidan zarur tavsiyalar berildi.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Axborot xizmati