Янгиликлар
26
AKT mutaxassisiga ustama puli to'lab berildi
Bugun hayotimiz va butun ish faoliyatimizni axborot-kommunikatsiya texnologiyalarisiz tasavvur qilish qiyin. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari inson hayotining barcha jabhalarini, ya’ni ish faoliyatini ham, muloqotini ham, maishiy va madaniy sohalarini ham qamrab olmoqda. Shuning uchun ham barcha soha va tarmoqlarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy etilmoqda. Albatta, bunda malakali mutaxassislar, yaxshi kadrlarga ehtiyoj katta.
R.Umerov 2023-yil 1-mart kunidan Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Sirdaryo viloyat mintaqaviy filialida AKT mutaxassisi lavozimida ish boshladi. U o'z vazifasiga tezda kirishib ketdi, idoraviy axborot tizimlari va resurslari bilan ishlashda mas'uliyat bilan yondashdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalari sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni 7-bandida davlat organlari va boshqa byudjet tashkilotlarining zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini joriy qilish va rivojlantirishga mas’ul bo‘lgan xodimlarga beriladigan har oylik ustama miqdori xodim lavozim maoshidan 100 foizdan kam bo‘lmagan miqdorda belgilanishi nazarda tutilgan.
R.Umerov mazkur farmon talablari buzilganidan norozi. Unga 1 856 790 so'm miqdoridagi ustama pullari to‘lab berilmagan.
Fuqaroning ushbu mazmunda Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasiga qilgan yozma murojaati nazoratga olinib, qonunchilik talablariga muvofiq o‘rganildi.
O‘rganish davomida R.Umerovga axborot texnologiyalari xodimlari uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan ustama pullari sababsiz to‘lanmaganligi aniqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 154-moddasida ish beruvchi o‘zining moliyaviy holatidan qat’iy nazar, xodimga bajarilgan ish uchun haqini belgilangan mehnat haqi shartlariga muvofiq to‘lashga majburligi ko‘rsatilgan.
Ushbu qonunbuzilishni bartaraf etish yuzasidan Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Sirdaryo viloyat mintaqaviy filialiga taqdimnoma kiritildi.
Natijada AKT mutaxassisi R.Umerovga mart oyi uchun 1 856 790 so'm miqdoridagi qo'shimcha ustama pullari to'lab berildi.
Timur Karimov,
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Inson huquqlarini himoya qilish sho'basi boshlig'i