Янгиликлар
25
Konstitutsiya davlatchilik belgisi, barcha qonunlarning asosi
Konstitutsiya davlatchilik belgisi, barcha qonunlarning asosi hisoblanadi. Bugungi shiddatkor davr, yangi sur’atlarda jadal davom etayotgan islohotlar jarayoni konstitusiyani isloh qilish zaruratini paydo qildi.
Yangilanayotgan Konstitutsiyada adolatli jamiyat va taraqqiy etgan davlat qurish yo‘lidagi ezgu maqsadlar o‘z ifodasini topgan. Jamiyatning barcha qatlamlari manfaatlari inobatga olinib ishlab chiqilgan Konstitutsiya loyihasi xalqimiz tomonidan o‘rganilmoqda, qizg‘in muhokama qilinmoqda.
Guliston shahar 6-sonli umumta’lim maktabi o‘qituvchilari, o‘quvchilari va ularning ota-onalari ishtirokida tashkil etilgan targ‘ibot tadbirida Konstitutsiya loyihasi, unga kiritilishi taklif etilayotgan yangi modda va normalarning mazmun-mohiyati va ahamiyati xususida so‘z bordi. Tadbirda Adliya boshqarmasi mas’ul xodimlari ma’ruza bilan ishtirok etishdi.
Ta’kidlanganidek, Konstitutsiyada O‘zbekiston – suveren, demokratik, huquqiy va ijtimoiy davlat ekani qat’iy belgilab qo‘yilmoqda. Bu insonga e’tibor hamda g‘amxo‘rlik yanada kuchaytirilayotganidan dalolat beradi.
Uchrashuv mobaynida konstitutsiyaviy islohot mamlakat, millat va xalq sifatida keyingi qadamlarimizni aniqlab olishimiz uchun g‘oyat ahamiyatli masala ekanligi alohida qayd etilib, referendum qonunchiligi, unda ishtirok etish va ovoz berish tartibi batafsil tushuntirildi.
Guliston shahar madaniyat bo‘limi xonandalari va yosh ijodkorlar ishtirokidagi konsert dasturi tadbir ishtirokchilariga yanada ko‘tarinkilik bag‘ishladi.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Axborot xizmati