Янгиликлар
12
Sirdaryoda "Konstitutsiya–kelajagimiz kafolati" shiori ostida huquqiy aksiya o'tkazildi
Guliston shahar istirohat bog'i mehnatkash xalqimiz, vatanparvar yoshlar bilan har qachongidan-da gavjum. Mazkur aksiya jamiyatda huquqiy ong va madaniyatni yanada oshirish, aholiga huquqiy axborotni, shu jumladan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar hamda referendum tog‘risidagi qonunchilik hujjatlari mazmuni va mohiyatini yetkazishdek ezgu maqsadni o'zida ifoda etdi.
Tadbir avvalida Yangilanayotgan Konstitutsiya adolatli jamiyat qurish yo‘lidagi ulkan qadam ekanligi alohida qayd etilib, konstitutsiyaviy islohotlarning aholi farorvonligi hamda yurt taraqqiyotini ta’minlashdagi ahamiyati haqida fikr-mulohazalar bildirildi.
Aksiyada aholiga bepul huquqiy maslahatlar berish maqsadida viloyatdagi 30 ga yaqin davlat organlari va tashkilotlari, advokatlar, notariuslar, FHDY xodimlari tomonidan maslahat burchaklari tashkil qilinib, moddiy yordam va ijtimoiy nafaqalar olish, kredit va mikroqarz olish, eksport qilish va investisiya kiritish, aliment undirish, oilaviy munosabatlar, soliq va davlat xizmatlaridan foydalanish kabi hayotiy zarur masalalar yuzasidan huquqiy maslahatlar berildi.
Shunigdek, adliya boshqarmasi rahbariyati tomonidan jismoniy va yuridik shaxslar uchun sayyor qabul tashkil qilinib, aholi muammolari o'rganildi. Jarayonda 20 ga yaqin murojaatlar qabul qilindi, 12 nafar fuqaroga sayyor tartibda davlat xizmatlari ko'rsatildi.
Keng qamrov kasb etgan ushbu tadbirda aholining, xususan, yoshlarning konstitutsiyaviy islohotlar bo'yicha bilimlari test savollari orqali sinovdan o‘tkazildi.
“Zakovat” intellektual o‘yini yoshlarning nafaqat huquqiy-ma’rifiy bilimlarini sinash, balki mantiqiy fikrlash darajasini baholash imkonini berdi.
Aksiya doirasida besh muhim tashabbus asosida viloyatda amalga oshirilayotgan ishlarga ham alohida ahamiyat qaratildi, yoshlarni kitobxonlikka keng jalb qilish maqsadida badiiy va huquqiy adabiyotlar, durdona asarlar yarmarkasi tashkil etildi.
Ayniqsa, spotchi yoshlar tomonidan taqdim etilgan ko'rgazmali chiqishlar yig'ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
Huquqiy aksiyada nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati asosiy e’tiborda bo‘ldi. Xususan, “Biz birgamiz” aksiyasi doirasida nogironligi bor bo'lgan fuqarolarning ko‘rgazmalari tashkil etilib, ommaga namoyish etildi.
Ayniqsa, Milliy madaniy markazlarning ishtiroki milllatlararo totuvlik va hamjihatlikning yorqin ifodasi bo'ldi.
Tadbir davomida fuqarolar sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan antropometrik kuzatuvdan o‘tdilar, sog‘lom ovqatlanish yuzasidan mutaxassislardan maslahatlar oldilar.
Aksiya doirasida xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida tikuvchilik, kasanachilik bilan shug‘ullanayotgan xotin-qizlarning amaliy ishlari ko‘rgazmasi ham tashkil etildi. Bunda “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar bandigiga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, harbiy xizmatchilarning ishtiroki yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega bo'ldi.
Tadbirda Sirdaryo viloyati yuridik texnikumining “Adolat qanotlari”, “Street law” targ‘ibot guruhlari faollik ko'rsatishdi. Aksiya davomida ishtirokchilarga konstitutsiyaviy islohotlar mazmun-mohiyatiga doir targ'ibot materiallari tarqatildi.
Sirdaryo viloyatida o‘tkazilgan huquqiy aksiya viloyatning taniqli san'atkorlari, Milliy madaniy markazlar, yosh havaskor xonandalar ishtirokidagi konsert dasturi bilan yanada fayzli bo‘ldi.
Tadbir so‘ngida hamkor tashkilotlarga viloyat adliya boshqarmasining sovg'a va tashakkurnomalari topshirildi.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Axborot xizmati