Янгиликлар
19
Guliston shahrida aholi va tadbirkorlik sub’yektlariga sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatildi
Mamlakatimizda davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimi bosqichma-bosqich isloh qilinib, qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini yaratish, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish hamda davlat xizmatlari ko‘rsatish sifatini tubdan yaxshilash borasida tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Aytish mumkinki, bugun davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasi xalqimizning eng yaqin ko‘makchisi, tezkor, qulay va sifatli xizmatlar ko‘rsatadigan ishonchli tizimga aylandi.
Sirdaryo viloyatida o‘tgan 2022-yilda Davlat xizmatlari markazlari orqali aholiga 320 mingdan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatilgan bo‘lsa, shundan 281 ming 73 tasi bevosita markazlarda amalga oshirildi. 30 mingga yaqin fuqaro xizmatlardan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali my.gov.uz orqali foydalandi.
Eng ko‘p davlat xizmatlari Guliston shahar Davlat xizmatlari markazi orqali ko‘rsatildi. Jumladan, Guliston shahrida 76 ming 751 ta, Sirdaryo tumanida 36 ming 630 ta, Guliston tumani DXMda esa 31 ming 80 ta davlat xizmatlari ko‘rsatildi.
Shuningdek, o‘tgan yilda davlat ro‘yxatidan o‘tgan tadbirkorlik sub’yektlari soni 8 ming 391 tani tashkil etgan bo‘lsa, shundan 365 tasi markazlarga kelmasdan, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron tarzda davlat ro‘yxatidan o‘tgan.
Viloyatning olis, chekka hududlarida istiqomat qiluvchi aholining davlat xizmatlariga bo‘lgan talab va ehtiyojini qondirish maqsadida 38 ming 723 ta sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatildi.
Joriy yilda ham fuqaro e’tibor markazida tamoyili asosida aholi va tadbirkorlarga maksimal qulaylik yaratish maqsadida chora-tadbirlar belgilab olindi.
Xususan, Sirdaryo viloyat Adliya boshqarmasi hamda Soliq boshqarmasi o‘rtasida hamkorlik rejasi tasdiqlanib, aholi va tadbirkorlik sub’yektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatish borasida tizimli ishlar yo‘lga qo‘yildi.
Ushbu hamkorlik samarasi o‘laroq, Sirdaryo viloyatida dastlabki tadbirlar boshlab yuborildi. "Biz o'zimiz keldik" loyihasi doirasida Guliston shahar davlat xizmatlari markazi va soliq inspeksiyasi xodimlari bilan hamkorlikda Guliston shahar dehqon bozori, Eski dehqon bozori hamda "Obod yurt" mahallasida joylashgan bozor hududida o'tkazilgan sayyor davlat xizmatlari ana shular jumlasidandir. Sayyor xizmat ko‘rsatish davomida 18 nafar fuqarolar yakka tartibda tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
- Radioelektron apparatlar, maishiy mashinalar, maishiy priborlar, ofis mashinalari va hisoblash texnikasini ta’mirlash, o‘rnatish, ularga texnik xizmat ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanaman. Albatta, bugun aholining ushbu xizmatga talabi katta. Davlat xizmatlari markazining sayyor xizmatidan foydalandib, yakka tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tdim, endi aholiga qonuniy va sifatli xizmat ko‘rsataman, - deydi yosh tadbirkor O.Jamolov.
Albatta, sayyor xizmatlar orqali aholiga davlat xizmatlarini qulay va oson shakllarda ko‘rsatish barobarida fuqarolarning idorama-idora sarson bo‘lib yurishining oldi olinmoqda. Guliston shahrida bo‘lib o‘tgan sayyor xizmatlar davomida fuqarolarga 27 ta faoliyat turlari bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatildi, shuningdek 42 nafar fuqarolarga huquqiy tushuntirishlar berildi.
Bir so‘z bilan aytganda, ushbu sayyor xizmatlardan aholi mamnun. Boisi hozirgi sovuq ob-havo sharoitida bu xalqimiz uchun yanada qulaylik yaratdi, boz ustiga ularning vaqti va naqdi tejaldi.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi