Янгиликлар
28
#Bir_murojaat_izidan
Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish sohasida Boyovut tuman adliya bo‘limi tomonidan har bir murojaat xolis va har tomonlama ko‘rib chiqilib, fuqarolarning huquqlari buzilayotganligi holatlari aniqlangan taqdirda qonunchilikka muvofiq ularni bartaraf etish va tiklash choralari ko‘rilmoqda.
Jumladan, adliya bo‘limi tomonidan tuman maktabgacha ta’lim bo‘limiga qarashli 20-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti xodimlaridan kelib tushgan murojaat o‘rganib chiqildi.
Ma’lum bo‘lishicha, mazkur maktabgacha ta’lim tashkiloti qayta ta’mirlashga tushgan davrda xodimlarga ish haqi to‘lab berilmagan. Vaholanki, tashkilot xodimlari ta’mirlash jarayonida ham ishga jalb qilingan.
Mamlakatimizda xodimlarning mehnat huquqlari qonun bilan kafolanlanadi. Mehnat kodeksining 159-moddasiga asosan xodimning aybisiz yaroqsiz mahsulot tayyorlanganda va bekor turib qolingan vaqtda uning o‘rtacha ish haqi saqlanadi. Shuningdek, mazkur kodeksning 188-moddasiga muvofiq xodim mehnat qilish imkoniyatidan g‘ayriqonuniy ravishda mahrum etilgan barcha hollarda ololmay qolgan ish haqini ish beruvchi unga to‘lashi shart.
Yuqoridagilarga asosan Boyovut tuman adliya bo‘limi tomonidan xodimlarning huquq va manfaatlari sudda himoya qilindi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Boyovut tumanlararo sudiga kiritilgan da’vo arizasi qanoatlantirilib, sudning hal qiluv qarori bilan Boyovut tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi hisobidan 20-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotining 17 nafar xodimlari foydasiga jami 66 652 407 so‘m miqdorida to'lanishi lozim bo'lgan ish haqi undirilishi belgilandi.
Otabek Xolmatov,
Boyovut tuman adliya bo'limi boshlig'i