Bog'lanish

Telefon
(+998 67) 226-02-53

Elektron manzil
sirdaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

27

Fuqaro 22 yil yashagan xonadonining qonuniy egasi bo'ldi


Fuqaro Hanifa Mamatqulova 22 yildirki, Guliston tumani Do‘stlik mahallasida istiqomat qiladi. U yashab turgan xonadonini yaqin tanishlarining tavsiyasi bilan 2000-yilda Lyan Vera Vasilyevnadan sotib olib, oila a’zolari bilan birgalikda yashab kelmoqda. V.Lyan shu yili Koreya davlatiga ko‘chib ketgan. O‘zaro kelishuvga ko‘ra, V.Lyan uyni notarial tartibda H.Mamatqulovaning nomiga o‘tkazib berishi lozim edi, biroq u chet davlatdan qaytib kelmagan.

Shu bois H.Mamatqulova shu vaqtga qadar yashab turgan xonadonini o‘z nomiga rasmiylashtira olmadi.  

Bu borada unga huquqiy maslahat va amaliy ko‘mak kerak bo‘ldi, Hanifa opa adliyaga murojaat qildi.

Guliston tuman adliya bo‘limi tomonidan mazkur murojaat ish yurituviga olinib, qonunchilik talablari asosida o‘rganildi, zarur hujjatlar to‘plandi.

O‘rganish davomida H.Mamatqulova oila a’zolari bilan birgalikda Guliston tumani Do‘stlik mahallasi Ziyokor ko‘chasi 97-uy 13-xonadonda 2000-yildan buyon o‘ziniki kabi halol yashab kelayotganligi, soliq va kommunal to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lab, ta’mirlash ishlarini amalga oshirib kelayotganligi, o‘tgan davr mobaynida mazkur uy-joy bo‘yicha nizo kelib chiqmaganligi ma’lum bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 187-moddasi talabiga ko‘ra, mulkdor bo‘lmagan, lekin ko‘chmas mol-mulkka o‘n besh yil davomida yoki boshqa mol-mulkka besh yil davomida o‘ziniki kabi halol, oshkora va uzluksiz egalik qilgan shaxs bu mol-mulkka mulk huquqini olishi belgilangan.

Yuqoridagilarga ko‘ra, Guliston tuman adliya bo‘limi tomonidan H.Mamatqulovaning manfaatida fuqarolik ishlari bo‘yicha Guliston tumanlararo sudiga da’vo ariza kiritildi.

Ish yuzasidan to‘plangan hujjatlar, qayd etilgan qonun talablaridan kelib chiqib mazkur ariza asosli deb topilib, Guliston tumanlararo sudining hal qiluv qarori bilan Guliston tumani Do‘stlik mahallasi Ziyokor ko‘chasi 97-uy 13-xonadonga nisbatan H.Mamatqulovaning egalik huquqi belgilandi.



Shavkat Iskanov,

Guliston tuman adliya bo'limi boshlig'i