Bog'lanish

Telefon
(+998 67) 226-02-53

Elektron manzil
sirdaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

21

Qonunchilikka taklif


Qonunchilikka taklif


Ma’lumki, ko‘chmas mulk ob’yektini kadastr hisobiga olish va kadastr yig‘majildini shakllantirish yuzasidan ko‘chmas mulk ob’yekti bo‘yicha elektron shaklda kadastr pasporti rasmiylashtiriladi.

Buning uchun fuqarolar o‘zlari yashab turgan joylardagi Davlat xizmatlari markaziga kelib murojaat qilishi yoki belgilangan tartibda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida davlat xizmatidan elektron tarzda foydalanib ariza yuborishi talab qilinadi. Murojaat yuborishda to‘ldiriladigan so‘rovnomaga ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni tasdiqlovchi hujjat ilova qilinishi kerak.

Yuborilgan ushbu hujjatlar belgilangan tartibda vakolatli organ hisoblangan O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi filiallari tomonidan ko‘rib chiqilib, hujjatlar rasmiylashtiriladi.

Ushbu vakolatli tashkilotlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 2-sentyabrdagi 535-son qarori bilan tasdiqlangan “Ko‘chmas mulk ob’yektiga kadastr pasportini berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti” talablaridan kelib chiqib murojaatni ko‘rib chiqadi.

Mazkur ma’muriy reglamentning 23-bandida kadastr pasporti berishni rad etish uchun asoslar keltirilgan bo‘lib, ushbu bandning 1-qismiga ko‘ra “so‘rovnomada noto‘g‘ri ma’lumotlar ko‘rsatilishi” kadastr pasportini berishni rad qilishga sabab bo‘lishligi belgilangan.

Endi, faraz qiling, kadastr pasportini shakllantirishni so‘rab murojat kelib tushgan vaqtda ushbu murojaat asosida ma’lumotlarni so‘rovnomaga kiritilishi jarayonida, markazning xizmat ko‘rsatuvchi xodimi tomonidan insoniy omillar sababli texnik xatolikka yo‘l qo‘yilsa va so‘rovnoma shu xato bilan yuborilsa, nima bo‘ladi?

Yuqorida keltirilgan normaga ko‘ra, vakolatli organ tomonidan ushbu so‘rovnomaga ma’lumotlar texnik xato sababli noto‘g‘ri kiritilganligi uchun murojaat rad etiladi. Fuqaro esa, ortiqcha xarajat qilinib, takroran murojaat qilishiga to‘g‘ri keladi. Bu esa ularning qo‘shimcha to‘lovlarni amalga oshirishiga va haqli e’tiroziga sabab bo‘ladi.

Amaliyotda shu kabi holatlar ham yo‘q emas, lekin yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan holatga qonuniy yechim topish kerak.

Shunga ko‘ra, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan e’tirozlarni bartaraf etish maqsadida, yuqorida nomi keltirilgan ma’muriy reglamentning 23-bandi 1-qismida bayon qilingan “so‘rovnomada noto‘g‘ri ma’lumotlar ko‘rsatilishi;” deb belgilangan normaga “so‘rovnomadagi ma’lumotlar davlat xizmatlari ko‘rsatish markazi mas’ul xodimi aybi bilan noto‘g‘ri kiritilib, texnik xatolikka yo‘l qo‘yilganligi sababli vakolatli organ tomonidan rad qilingan bo‘lsa, markaz xodimi 5 kunlik muddatda ushbu xatolikni to‘g‘rilab, ortiqcha to‘lovlarsiz vakolatli organ ko‘rib chiqishi uchun qayta kiritiladi” degan jumla bilan to‘ldirilishi maqsadga muvofiq hisoblanadi.

Bugungi kunda aholi va tadbirkorlarga 250 dan ortiq turdagi davlat xizmatlari ko‘rsatilishi bilan birga, ushbu davlat xizmatlarini ko‘rsatishning yanada qulay, xalqchil va adolatlilik asosida amalga oshirilishini yo‘lga qo‘yish kerakki, natijada fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiligi va ortiqcha xarajat qilishi oldini olishiga sabab bo‘lsin.


Akbar Ahrorov,

Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Huquqiy targ'ibot va ma'rifat bo'limi boshlig'i