Янгиликлар
23
Guliston shahar nikoh uyi faoliyati tugatilib, Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limiga birlashtirildi
So‘nggi yillarda mamlakatimizda fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari faoliyatiga alohida e’tibor qaratilib, sohani yanada takomillashtirish maqsadida hayotbaxsh islohotlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi va tadbirkorlik sub’yektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratish, bu borada byurokratik to‘siqlarni qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish va nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish eksterritorial tamoyil asosida yo‘lga qo‘yilganligi xalqimiz uchun qator qulayliklarni yaratdi.
Ushbu tamoyilning amaliyotga tatbiq etilishi natijasida tug‘ilish va o‘lim holatini kompleks davlat xizmati sifatida ko‘rsatish tartibi joriy etildi va statistika organlariga qog‘oz shaklidagi dalolatnoma yozuvlari haqidagi hisobotlarni topshirish amaliyoti bekor qilindi.
Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarining arxivlarida qog‘oz tashuvchilarda saqlanayotgan fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlari raqamlashtirildi.
Biroq, fuqarolar tomonidan eksterritorial tamoyil asosida respublika bo‘yicha o‘zlari xohlagan Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organiga murojaat qilinib, davlat xizmatlaridan foydalanishlari natijasida Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limlariga fuqarolarning murojaatlari soni tobora ortib borayotganligi mavjud muammoni bartaraf etishni taqazo etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ushbu sohada fuqarolarga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari sifatini oshirishda mustahkam huquqiy asos bo‘ldi.
Qarorga muvofiq Toshkent, Samarqand, Buxoro, Qarshi shaharlaridagi mavjud nikoh uylari faoliyati tugatilib, ushbu nikoh uylari FHDY bo‘limlari etib qayta nomlandi. Endilikda FHDY bo‘limlarida nikohni qayd etish bilan birga, tug‘ilish, nikohdan ajratish va o‘limni qayd etish bo‘yicha ham davlat xizmatlari ko‘rsatiladi.
Shuningdek, Guliston shahar nikoh uyi faoliyati tugatilib, FHDY bo‘limi bilan birlashtirildi. Natijada bo'limda xodimlar soni ortib, aholiga xizmat ko'rsatish sifati yanada yaxshilanishiga, eng muhimi, uzun navbatlar qisqarishiga zamin yaratildi.
Dilnoz Umurzoqova,
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar bo'yicha maslahatchisi