Bog'lanish

Telefon
(+998 67) 226-02-53

Elektron manzil
sirdaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

18

Til-millat koʻzgusi!


Inson uchun oliy neʼmat hisoblangan ona tili har bir millatning eng asosiy belgilaridan biridir.

Har qanday xalq oʻz tili, milliy urf-odat, qadriyat va anʼanalari bilan ajralib turadi.

Dunyo xalqlari 7 mingdan ziyod tilda gaplashib kelishadi, biroq, bu tillardan 200 ga yaqini davlat tili yoki rasmiy til maqomiga egadir.

Oʻzbek tilining jozibasi xalqimizning ming yillar davomidagi ertagu afsonalari va dostonlarining sehrli satrlarida aks etib kelgan.

Shu ming yilliklar mobaynida ota-bobolarimiz ona tilimiz orqali jahonga oʻz soʻzini ayta olgan, minglab nodir qoʻlyozmalar yaratgan, uni rivojlantirish borasida tinimsiz mehnat qilishgan.

Zero, davlatimizning Konstitutsiyasining oʻzbek tilida yaratilishi ham uning jahon hamjamiyatidagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qildi.

Taʼlim, sport, iqtisodiyot, madaniyat, tashqi siyosat va boshqa qator jabhalarda xalqaro maydonlarda Davlat madhiyasining oʻzbek tilida jaranglashi har bir oʻzbek xalqi uchun iftixor va sharafdir.

Davlatimiz tomonidan oʻzbek tilining davlat tili maqomiga huquqiy jihatdan tus berish maqsadida, 21.10.1989-yilda “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilingan.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 21.10.2019-yildagi “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5850-son Farmoniga koʻra, “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilingan kunning ulkan tarixiy oʻrni va ahamiyatidan kelib chiqqan holda, 21-oktyabr sanasi yurtimizda “Oʻzbek tili bayrami kuni” deb belgilandi.

Mazkur Farmonga asosan Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida xodimlarining umumiy cheklangan soni 9 ta shtat birligidan iborat Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etildi.

Farmonga koʻra, Davlat tilini rivojlantirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan monitoringni amalga oshirish, ushbu sohada jamoatchilik nazoratining samarali shakllarini joriy etish, davlat organlari va tashkilotlari, jumladan, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining davlat tilini rivojlantirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini tashkil qilish boʻyicha faoliyatini muvofiqlashtirish, davlat tilining amal qilishi bilan bogʻliq muammolarni aniqlash va bartaraf etish yuzasidan, shuningdek, uni rivojlantirish sohasida yagona davlat siyosatini yuritish boʻyicha takliflar tayyorlash, oʻzbek tilining yozma nutqi meʼyor va qoidalarini ishlab chiqish boʻyicha hamda lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini toʻliq joriy etish borasidagi ishlarni jadallashtirish, davlat tilini rivojlantirish boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, davlat tilini rivojlantirishga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini qoʻllab-quvvatlash, bu sohada xalqaro hamkorlikni amalga oshirishdan iborat muhim vazifalar Davlat tilini rivojlantirish departamentining asosiy vazifalari etib belgilandi.

Bundan tashqari, Davlatimiz rahbarining 20.10.2020-yildagi “Mamlakatimizda oʻzbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6084-son Farmoni bilan “2020-2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish” Konsepsiyasi, “2020-2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasini 2020-2022-yillarda amalga oshirish dasturi” hamda “2020-2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirishning asosiy yoʻnalishlari” tasdiqlandi.

Mazkur Konsepsiyaning maqsadi-mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarida davlat tili imkoniyatlaridan toʻliq va toʻgʻri foydalanishga erishish, taʼlim tashkilotlarida davlat tilini oʻqitish tizimini yanada takomillashtirish, uning ilm-fan tili sifatidagi nufuzini oshirish, davlat tilining sofligini saqlash, uni boyitib borish va aholining nutq madaniyatini oshirish, davlat tilining zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalariga faol integratsiyalashuvini taʼminlash, davlat tilining xalqaro miqyosdagi oʻrni va nufuzini oshirish, bu borada xorijiy hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, mamlakatimizda istiqomat qiladigan barcha millat va elatlar tillarini rivojlantirish maqsadida keng va teng imkoniyatlar hamda ularga davlat tilini oʻrganish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishdan iboratdir.

Til-millat koʻzgusi boʻlishi bilan bir qatorda, ona tilimizning umrboqiyligi uchun kurashish, ogʻzaki va yozma nutqda til meʼyorlariga rioya qilish, uning tarovatini saqlab qolish har bir fuqaroning sharafli burchidir.

Begali Pakirov,

Sardoba tuman adliya boʻlimi Yuridik xizmat koʻrsatish markazi bosh yuriskonsulti