Янгиликлар
18
Sudning hal qiluv qarori bilan o‘lim fakti belgilandi
Sirdaryo tuman adliya bo‘limi tomonidan fuqaro Shermatova Muhayyo Rasuljonovnaning farzandi Rustamov Diyorbek Akrom o‘g‘li vafot etganligi sababli o‘lim to‘g‘risidagi guvohnomani olishda amaliy yordam so‘rab qilgan murojaati o‘rganib chiqildi.
Aniqlanishicha, Rustamov Diyorbek Akrom o‘g‘lining 2011-yil 7-sentabr kunidagi tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvi Sirdaryo tuman 2-son FHDY bo‘limida qayd etilgan.
D.Rustamov 2011-yil 28-noyabrda vafot etgan, biroq uning vafot etganligi to‘g‘risidagi ma’lumot hech bir hujjatda qayd etilmagan.
O‘rganish davomida Rustamov Diyorbek Akrom o‘g‘li 2011-yil 28-noyabr kuni Sirdaryo tumanidagi “Beshbuloq” qabristoniga dafn etilganligi ma’lum bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik-protsessual kodeksining 283-moddasi 10-bandiga ko‘ra, yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa faktlarni, agar qonun hujjatlarida ularni belgilashning boshqacha tartibi nazarda tutilgan bo‘lmasa, belgilashga oid ishlarni ko‘radi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktlarni belgilash haqidagi ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi qarorining 20-bandiga ko‘ra, agar shaxsning maʼlum vaqt va maʼlum holatda vafot etganligini tasdiqlovchi ishonchli dalillar mavjud bo‘lsa, FPK 295-moddasining 10-bandiga asosan sud o‘lganlik faktini belgilaydi.
Yuqoridagilarga asosan, Sirdaryo tuman adliya bo‘limi tomonidan Fuqarolik ishlari boʻyicha Sirdaryo tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritildi. Natijada sudning hal qiluv qarori bilan Rustamov Diyorbek Akrom o‘g‘lining o‘lganlik fakti belgilandi.
Kamoliddin Ernazarov,
Sirdaryo tuman adliya bo‘limi boshlig‘i