Янгиликлар
20
Harbiy xizmatchilarning huquqiy savodxonligi oshirildi
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi tomonidan Mirzaobod tumanida joylashgan 532-SCHR batalyonida huquqiy targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
Harbiy xizmatchilar bilan bu galgi uchrashuv ochiq muloqot, savol-javob tarzida esda qolarli bo‘ldi. Boisi, tanlangan mavzu dolzarb va hayotiy - "Kontrafakt mahsulotdan ehtiyot bo'ling!"
Tadbirda adliya boshqarmasi mas'ul xodimi Hasan Mirshayev ma'ruza bilan ishtirok etdi.
Ta'kidlanganidek, har birimiz iste’molchi va xaridor. Kontrafakt mahsulotlari inson hayoti va sog‘lig‘iga, davlat rivoji va tinchligiga, farovonligiga jiddiy xavf solishi mumkin.
Darhaqiqat, kontrafakt va xufiya import iqtisodiy xavfsizlikka zarar yetkazadi, bozorning insofli ishtirokchilariga bevosita zarar olib keladi, iste’molchilarning hayoti va sog‘lig‘iga tahdid soladi. Kontrafaksiya, ya’ni boshqaning qonuniy brendidan foydalangan holda mahsulot ishlab chiqarish javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Tadbir mobaynida O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi hamda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari to‘g‘risida batafsil to‘xtalib o‘tildi.
Shuningdek, muloqotda shaxs chet davlatning harbiy xizmatiga, xavfsizlik organlariga, huquqni muhofaza qiluvchi organlariga, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga xizmatga kirganligi O‘zbekiston fuqaroligini yo‘qotishga asos bo‘lishi, jinoyat kodeksining 154-1- moddasiga asosan O‘zbekiston fuqarosining chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, polisiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga yollanishi 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkinligi tushuntirildi.
Tadbir qizg‘in savol-javob va munozarlarga boy bo‘ldi. Muloqot mobaynida harbiy xizmatchilarni qiziqtirgan barcha savollarga tegishli javoblar berildi hamda uch turdagi – “Kontrafakt oziq-ovqat mahsulotlari”, “Kontrafakt dori vositalari” va “Kontrafakt alkogol mahsulotlari” kataloglari tarqatildi.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi