Янгиликлар
07
Mualliflik huquqi himoya qilindi
Mualliflik huquqi himoya qilindi
Sirdaryo viloyati adliya boshqarmasiga “AKFA ENGINEERING AND MANAGEMENT” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tegishli bo‘lgan tovar belgisi nomidan firma nomi sifatida foydalanayotganlik holatlari yuzasidan norozi bo‘lib murojaat kelib tushdi.
Murojaatni o‘rganish davomida transliteratsiyasi “AKFA” bo‘lgan so‘z ko‘rinishdagi tovar belgisi (xizmat ko‘rsatish belgisi) “AKFA ENGINEERING AND MANAGEMENT” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tegishli ekanligi, guvohnomaga asosan “AKFA” deb nomlanuvchi tovar belgisiga nisbatan huquq 2017-yilda vujudga kelganligi, “DARXON UNIVERSAL AKFA” MCHJ esa 2019-yil 11-yanvarda davlat ximzatlari markazi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi aniqlandi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasida tovar belgilarini huquqiy muhofaza qilish hamda ulardan foydalanish sohasidagi munosabatlar O‘zbekiston Respublikasi “Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida”gi Qonuni bilan tartibga solinadi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining “Firma nomlari toʻgʻrisida”gi Qonuni 4-moddasida firma nomida koʻrsatilishi lozim boʻlmagan belgilar keltirilgan boʻlib, firma nomida ilgari Oʻzbekiston Respublikasida boshqa shaxs nomiga roʻyxatdan oʻtkazilgan yoki roʻyxatdan oʻtkazish soʻrab talabnoma berilgan tovar belgilari (xizmat koʻrsatish belgilari) koʻrsatilmasligi kerak ekanligi belgilab qoʻyilgan.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan Tadbirkorlik subʼektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 11-bandi ikkinchi qissmiga asosan ariza beruvchi u tomonidan firma nomi tanlanayotganda Oʻzbekiston Respublikasining «Firma nomlari toʻgʻrisida»gi Qonuni, shuningdek yuridik shaxslar nomlari toʻgʻrisidagi boshqa qonun hujjatlari talablariga rioya etmaganlik uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob berishi koʻrsatib oʻtilgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Yangiyer shahar adliya bo‘limi tomonidan “AKFA ENGINEERING AND MANAGEMENT” mas’uliyati cheklangan jamiyatining mualliflik huquqini himoya qilish maqsadida “DARXON UNIVERSAL AKFA” MCHJga firma nomini qayta rasmiyylashtirish yuzasidan taqdimnoma kiritildi. Natijada “DARXON UNIVERSAL AKFA” MCHJ nomi “DARXON NUR YANGIYER” MCHJ nomi bilan qayta rasmiylashtirildi.
Adliya aralashuvi bilan mualliflik huquqi yuzasidan qilingan murojaat ijobiy yechim topdi, tovar belgisi hamda firma nomi bo‘yicha huquq egasining huquqlarini buzuvchi harakatlarga chek qo‘yildi.
Laziz Xudoyqulov,
Yangiyer shahar adliya bo'limi boshlig'i