Bog'lanish

Telefon
(+998 67) 226-02-53

Elektron manzil
sirdaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

06

Adliya Do'ngariq mahallasida



Bugun mamlakatimizda shunday tizim yaratildiki, aholining barcha qatlamlari ijtimoiy holatini o‘rganish va mavjud muammolarni bartaraf etish imkoniyatlari kengaydi. Ayniqsa, adliya tizimida “Huquqiy axborot kuni” tadbirlarining yo‘lga qo‘yilganligi bevosita aholi bilan yuzma-yuz muloqot qilish, ularning muammolariga huquqiy yechim topishning muhim omili bo‘lmoqda. Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi tomonidan Mirzaobod tumanidagi Do‘ngariq mahallasida tashkil etilgan tadbir ana shu ezgu maqsadlar uchun xizmat qildi.
Adliya va Do‘ngariqlar uchrashuvi dastlab sayyor qabul tarzida bo‘lib, boshqarma rahbariyati tomonidan aynan aholining muammolari o‘rganildi. Sayyor qabulga “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti, yuridik xizmat ko‘rsatish markazi, davlat xizmatlari markazi, Mirzaobod tuman bandlikka ko‘maklashish markazi, pensiya jamg‘armasi hamda boshqa idora va tashkilotlar mutasaddilarining taklif etilishi aholi tomonidan qilingan murojaatlarni joyida tezkorlik bilan hal etish imkonini berdi.
- Ota-onamdan qolgan uy-joy bor. Uni o‘z nomimga rasmiylashtirishda yordam so‘rab kelgan edim, mas’ullar uy-joyni rasmiylashtirish tartibi to‘g‘risida huquqiy tushuntirish berishdi, - deydi Marg‘uba Mamayusupova, tegishli hujjatlarni olib adliya bo‘limiga boraman, ular yordam beradigan bo‘lishdi.
Sayyor qabul jarayonida turli mazmunda 20 ga yaqin murojaatlar kelib tushdi. Shundan 15 ta murojaatga joyida huquqiy tushuntirish berildi, o‘rganish muddat talab qiladigan 5 ta murojaat ish yurituviga olindi.
Do‘ngariq mahallasida o‘tkazilgan “Huquqiy axborot kuni”da «O‘zimiz keldik» loyihasi doirasida aholiga sayyor tarzda 30 dan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatildi.
Shuningdek, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Sirdaryo viloyat bo‘limi tomonidan aholiga bepul dori-darmonlar tarqatildi.
Mahallamizda 4332 nafar aholi istiqomat qiladi. Shundan 2347 nafarini ayollar tashkil qiladi. Bugungi sayyor qabulda subsidiya, uy-joyni rasmiylashtirish, ishga tiklash kabi bir qator masalalarda fuqarolarimiz tomonidan qilingan murojaatlarga huquqiy tushuntirishlar berildi. Ayniqsa, “Fuqarolarga bepul huquqiy maslahat” guruhi tomonidan olib borilayotgan targ‘ibot tadbirlaridan mahalla ahli mamnun, - deydi Do‘ngariq mahallasi xotin-qizlar faoli Saodat To‘rayeva.
Tadbirning uzviy davomi sifatida “Fuqarolarga bepul huquqiy maslahat” aksiyasi o‘tkazildi. “Ko‘chabay” asosda tashkil etilgan mazkur tadbir aholining huquqiy savodxonligini oshirish hamda huquqiy madaniyatini yuksaltirish, kundalik hayotidagi keng tarqalgan muammolarni o‘rganish va huquqiy maslahat berish maqsadini ilgari suradi.
Tadbirda nogironligi bo‘lgan shaxslar, kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, yolg‘iz keksalar, doimiy ishsiz fuqarolarga “Temir daftar” asosida yordam berish tartibi tushuntirildi.
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Sirdaryo viloyat bo‘limi tomonidan bepul dori-darmonlar tarqatildi. “Adolat qanotlari” volontyorlari tomonidan mavzuga doir targ‘ibot materiallari tarqatildi.
Adliya boshqarmasi mas’ullarining Do‘ngariq mahallasiga tashrifi samarali bo‘ldi. Shu kuni mahallada istiqomat qilayotgan nogironligi bo‘lgan fuqarolar holidan ham xabar olindi. Hamid ota Boybekov 78 yoshda. Bir yil avval miyaga qon quyilishi natijasida mustaqil harakatlanish imkoniyatidan mosuvo bo‘lgan. Otaxon bilan suhbat chog‘ida nogironlikni belgilash tartibi to‘g‘risida huquqiy tushuntirishlar berildi.
Sherqul Ismoilov avtohalokat sabab nogiron bo‘lib qolgan. Adliya boshqarmasi va mahalla mas’ullarining yo‘qlab kelgani Sherqul akaning ko‘nglini tog‘dek ko‘tardi. Muloqotda nogironlarga yaratilgan imtiyozlar haqida tushuntirishlar berildi.
Joylarda bu kabi tadbirlar davom etadi.



Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi