Bog'lanish

Telefon
(+998 67) 226-02-53

Elektron manzil
sirdaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

28

Faxriy huquqshunos Rashida Soliyevaning hayot yo'li ibrat, ko'p yillik mehnat faoliyati ulkan maktabdir


Dunyoda kasblar ko‘p, har birining o‘z yo‘nalishi, o‘ziga ohanrabodek tortuvchi jozibasi bor. O‘z kasbidan baxt topganlar talaygina. Rashida Soliyeva ana shunday baxtlilar safida. Rashida opa sud va adliya sohasida qariyib 40 yil samarali faoliyat yuritdi. Faxriy huquqshunosning hayot yo‘li, jamiyatda adolat barqarorligi, qonun ustuvorligini ta’minlash borasidagi fidokorona mehnatlari tizimda ishlab kelayotgan shogirdlari, hamkasblariga ulkan maktabdir.Darhaqiqat, huquqshunos sifatida mas’uliyatli sohalarda mehnat qilish, bu yo‘lda boy hayotiy tajriba orttirish har qanday insonga ham nasib etavermaydi. Dastlab 1972-yilda Sirdaryo tuman xalq sudida kotiba sifatida o‘z mehnat faoliyatini boshlagan Rashida Soliyeva viloyat adliya boshqarmasida kadrlar bo‘yicha mutaxassis, notarius lavozimlarida ishladi. 1992-1994-yillarda Sirdaryo viloyat 2-son Nikoh uyi mudirasi, 1994-yildan Xovos tumani hamda Guliston va Yangiyer shaharlarida FHDY bo‘limi mudirasi lavozimlarida samarali faoliyat yuritdi.Bugun Rashida opaning ko‘plab shogirdlari adliya idoralarida mas’ul lavozimlarda ishlab kelmoqda. Albatta, ular erishayotgan yutuqlarda, shubhasiz ustoz sifatida Rashida Soliyevaning hissasi beqiyos.  Rashida opa shogirdlari ardog'ida, bugun uztozni yo‘qlab kelishdi. Diydor bahona xotiralar jonlandi, o‘tgan davrlar, bosib o‘tgan umr yo‘llari esga olindi, hayotiy tajribalar o‘rtoqlashildi. Soliyevlar oilasini yangiyerliklar yuristlar oilasi sifatida yaxshi tanishadi. Rashida opaning turmush o‘rtog‘i Muzaffar aka Soliyev ham huquqshunos. "Ot o‘rnini toy bosar", "Olma tagiga olma tushar" degan naqllar aynan shu oilaga xosdek farzandlari Nafosat, Aziza va Mirzoulug‘bek ham huquq sohasini tanlab, adliya tizimida mehnat qilib kelishmoqda. - Qonuniylik, adolatlilik, samimiylik. Bu tamoyillar Rashida opaning hayotdagi shiori. Shu bois ustoz huquqshunos 40 yillik mehnat faoliyati davomida ijobiy natijalarga erishdi, hamkasblari orasida hurmat-e’tibor qozondi. Rashida Soliyeva ushbu hayotiy haqiqatni shogirdlari va farzandlariga ham bot-bot uqtiradi. Zotan, adolat va qonuniylikni ta’minlash huquqshunosning burchi, inson qadr-qimmatini ulug'lashning eng asosiy shartidir.

Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi