Bog'lanish

Telefon
(+998 67) 226-02-53

Elektron manzil
sirdaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

15

Shartnoma shartlari buzildi(mi?)


“Standart stone” mas’uliyati cheklangan jamiyati hamda Mirzaobod tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi o‘rtasida 2021-yil 26-yanvar kuni maydalangan toshdan qum va maydalangan tosh mahsuloti oldi-sotdisi yuzasidan shartnoma tuzilgan edi.

Unga ko‘ra, “Standart stone” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan Mirzaobod tumani yo‘llardan foydalanish unitar korxonasiga 48 832 100 so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, yetkazib berilgan.

Shartnomaga asosan yetkazib berilgan mahsulot uchun uch bank kuni ichida 100% oldindan to‘lov amalga oshirilishi belgilangan bo‘lsa-da, xaridor tomonidan to‘lov amalga oshirilmagan.

  “Standart stone” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari ushbu qarzdorlikni undirishda amaliy yordam so‘rab Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasiga murojaat qildi.

Murojaat ish yurituviga olinib, qonunchilik talablari asosida o‘rganildi.

O‘rganish davomida murojaatchining e’tirozi asosli ekanligi ma’lum bo‘ldi. Mazkur qarzdorlik taraflar o‘rtasida tasdiqlangan taqqoslash dalolatnomasida ham o‘z aksini topdi.

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 386-moddasiga ko‘ra oldi-sotdi shartnomasi bo‘yicha bir taraf (sotuvchi) tovarni boshqa taraf (sotib oluvchi)ga mulk qilib topshirish majburiyatini, sotib oluvchi esa bu tovarni qabul qilib olish va uning uchun belgilangan pul summasi (bahosi)ni to‘lash majburiyatini oladi.

Shuningdek, taraflar o‘rtasida tuzilgan shartnomaning 5.2-bandida tovarlar haqini o‘z vaqtida to‘lamaganlik uchun “Xaridor” “Yetkazib beruvchi”ga o‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun kechiktirilgan to‘lov summasining 0,4 foizi miqdorida penya to‘lashi, 6.1-bandida mazkur shartnomada ko‘zda tutilmagan javobgarlik choralari “Xo‘jalik yurituvchi subektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni asosida hal etilishi belgilangan.

Yuqoridagilarga asosan adliya boshqarmasi tomonidan “Standart stone” mas’uliyati cheklangan jamiyati manfaatida Guliston tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo ariza kiritildi.

  Natijada sudning hal qiluv qarori bilan Mirzaobod tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi hisobidan “Standart stone” mas’uliyati cheklangan jamiyati foydasiga 48 832 100 so‘m asosiy qarz, 4 150 728 so‘m miqdorda penya undirilishi belgilandi.



Sherdor Rasulov,

Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi mas’ul xodimi