Bog'lanish

Telefon
(+998 67) 226-02-53

Elektron manzil
sirdaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

10

Sirdaroda davlat organlari va tashkilotlari tomonidan davlat xizmatlari koʻrsatishda belgilangan maʼmuriy reglamentlar talablariga rioya qilish holati o'rganildi


Mamlakatimizda fuqarolar va tadbirkorlarga davlat xizmatlari koʻrsatish tizimi bosqichma-bosqich isloh qilinib, qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini yaratish, ortiqcha byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish hamda davlat xizmatlari koʻrsatish sifatini tubdan yaxshilash borasida tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Bu borada Davlat xizmatlarini koʻrsatishda byurokratizm, sansalorlik va boshqa maʼmuriy toʻsiqlarni bartaraf etish, eskirgan va zamon talablariga mos kelmaydigan tartib-taomillarni tubdan qisqartirishga qaratilgan tizimli ishlarni amalga oshirish muhim omildir.

Endilikda aholi va tadbirkorlik subyektlari tomonidan 73 turdagi maʼlumotnoma va hujjatlar taqdim etilishi talabi bekor qilinib, davlat organlari tomonidan ushbu maʼlumotlarni “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasidan foydalangan holda olish tizimi joriy etildi.

Albatta, davlat xizmatlari koʻrsatishda belgilangan maʼmuriy reglamentlar xizmat koʻrsatish sohasini har tomon uchun qulay qilishga xizmat qiladi.

Taʼkidlash joiz, maʼmuriy islohotlar konsepsiyasi doirasidagi normativ-huquqiy hujjat hisoblangan “maʼmuriy reglament”lar aholiga davlat xizmatlari koʻrsatishning shaffofligini taʼminlab, xizmat koʻrsatishni ixchamlashtirdi. Xoʻsh, maʼmuriy reglament talablariga toʻliq rioya qilinyaptimi, davlat organlarining bu boradagi oʻzaro hamkorligi qanday?

Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi tomonidan maʼmuriy reglamentlarga asosan tashkilot va korxonalarning davlat xizmatlari koʻrsatish bilan bogʻliq faoliyati oʻrganilganda joriy yilning 6 oyi davomida 2 mingdan ziyod qonun buzilishi holatlari aniqlandi.

Mazkur qonun buzilish holatlarining 784 tasi muddat buzilishi, 214 tasi vakolatli organlar tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri davlat xizmatlari koʻrsatilishi, 139 tasi ortiqcha hujjatlar talab qilinishi, 263 tasi murojaatlarning asossiz rad etilishi, 38 tasi boshqa turdagi qonun buzilishlariga toʻgʻri keladi.

Korxona va tashkilotlar kesimida tahlil qilinganida qonun buzilishi holatlarining aksariyati kommunal soha, kadastr, sogʻliqni saqlash, soliq va qurilish idoralari tomonidan yoʻl qoʻyilgan.

Aniqlangan qonun buzilishi holatlarini oldini olish hamda bartaraf etish yuzasidan boshqarma tomonidan vakolatli organlarga 47 ta taqdimnoma, 16 ta ogohnoma kiritilib, 3 nafar mansabdor shaxslar bilan profilaktik suhbatlar oʻtkazildi hamda 55 nafar mansabdor shaxslarga nisbatan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnomalar rasmiylashtirildi.

Shuningdek, 49 nafar mansabdor shaxslarga nisbatan intizomiy javobgarlik choralari qoʻllanildi, shundan toʻrt nafar masʼul xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.



U.Sayitmuradov,                                                                                                      Davlat xizmatlari ko‘rsatilishi ustidan nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i