Янгиликлар
09
Xususiy mulk daxlsiz va davlat himoyasidadir
O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining tegishli moddasiga asosan xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasidadir. Mulkdor faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibdagina mulkidan mahrum etilishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasining “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi Qonunini ishlab chiqishda asosiy qomusimizdagi ushbu moddada nazarda tutilgan me’yor va talablarga qat’iy amal qilindi. Mazkur Qonun bilan jismoniy va yuridik shaxslarga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish, doimiy egalik qilish, doimiy foydalanish, muddatli foydalanish yoki ijara huquqi asosida tegishli bo‘lgan yer uchastkalarini yoki ularning qismlarini kompensasiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari aniq belgilab qo‘yildi.
“Xususiy mulk daxlsiz va davlat himoyasidadir” aksiyasi doirasida Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi tomonidan Savdo-sanoat palatasi Sirdaryo viloyat hududiy bo‘limida tashkil etilgan targ‘ibot tadbirida mazkur Qonun mazmun-mohiyati to‘g‘risida atroflicha so‘z bordi.
Qonunga asosan yer uchastkasining va unda joylashgan ko‘chmas mulk ob’yektlarining huquq egasi bilan yer uchastkasini kompensasiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yishda tashabbuskorlar guruhi tomonidan berilgan xulosalar albatta adliya organlari tomonidan huquqiy ekspertizadan o‘tkaziladi. Xalq deputatlari tuman-shahar kengashlari deputatlari, soliq, moliya, nodavlat notidorat tashkilotlar vakillaridan iborat kompensasiya komissiyalari kompensasiyalar o‘z vaqtida to‘liq hajmda berilishi ustidan muntazam monitoring va berilgan kompensasiyalarning hisobi yuritilishini ta’minlaydi. Tadbirda Qonunning shu kabi muhim jihatlariga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Shuningdek, muloqot mobaynida «Mulk huquqining daxlsizligini ishonchli himoya qilish, mulkiy munosabatlarga asossiz aralashuvga yo‘l qo‘ymaslik, xususiy mulkning kapitallashuv darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident Farmoni mazmun-mohiyati yuzasidan keng ma’lumotlar berildi.
Darhaqiqat, mulk daxlsizdir va qonun bilan qo‘riqlanadi. Mulkdorning mol-mulkini olib qo‘yishga, shuningdek uning huquqlarini cheklashga faqat qonunlarda nazarda tutilgan hollardagina yo‘l qo‘yiladi. Tadbirda yerga bo‘lgan huquqlardan foydalanish, turar joyga bo‘lgan mulkiy huquqlarni amalga oshirishga oid tartib va talablar batafsil tushuntirilib, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollariga javoblar berildi.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi