Bog'lanish

Telefon
(+998 67) 226-02-53

Elektron manzil
sirdaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

30

30-iyul - Xalqlar do‘stligi kuni


2021-yil 10-fevralda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Xalqlar do‘stligi” kunini belgilash to‘g‘risida”gi Qonun imzolangan edi. Shu munosabat bilan 30-iyul O‘zbekistonda “Xalqlar do‘stligi” kuni nishonlandi.

Mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab mamlakatimizda bag‘rikenglik va insonparvarlik madaniyatini rivojlantirish, millatlararo hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlash, barcha fuqarolarga millati, dini va ijtimoiy kelib chiqishidan qat’iy nazar teng huquq va imkoniyatlar yaratish davlat siyosatining muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilandi.

Shu asosda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tashkil etildi. Millatlararo do‘stlik va birdamlik munosabatlarini mustahkamlash, barcha millatlarning o‘z qadriyatlarini saqlab qolishi uchun teng sharoitlar yaratib berish, milliy madaniy markazlar faoliyatini kuchaytirish kabi dolzarb vazifalarni amalga oshirish borasidagi xayrli ishlar yangi bosqichga ko‘tarildi.

Amalga oshirilayotgan ezgu sa’y-harakatlar natijasida bugun yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillari hamjihatlikda, bir oila farzandidek yashab, mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Shuningdek, 140 dan ortiq milliy-madaniy markazlar samarali faoliyat yuritmoqda. Bu muhtaram yurtboshimiz Sh.Mirziyoyev tomonidan ishlab chiqilgan va izchil amalga oshirilayotgan, donishmandlik, insonparvarlik va adolatparvarlik tamoyillari asosiga qurilgan siyosatning natijasidir.

Respublikamizdagi barcha milliy madaniy markazlar davlat miqyosidagi umumxalq bayramlari, tadbirlarida faol ishtirok etib kelmoqda. «O‘zbekiston - umumiy uyimiz», «Bizning kuchimiz - birlik va hamjihatlikda» kabi festivallar millatlararo do‘stlik rishtalarining yanada mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda.

 Bu borada Sirdaryo viloyatida ham bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.

Viloyatdagi milliy madaniy markazlar faol qo‘llab-quvvatlanmoqda. Ularning moddiy-texnika bazasini yanada yaxshilash, samarali mehnat qilishi uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 4-maydagi “Mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosi yuzasidan Sirdaryo viloyat hokimining  2019-yil 15-avgustdagi 204-sonli qarori asosida Guliston shahar “Taraqqiyot” mahallasida “Nodavlat notijorat tashkilotlari uyi” tashkil etildi. 

Binoning birinchi qavati 2019-yilda mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan ajratilgan 327 mln. so‘m hisobiga kapital ta’mirlandi. Bugungi kunda “Nodavlat notijorat tashkilotlari uyi”da 13 ta NNT (5 ta milliy madaniy markaz va 8 ta NNT) o‘z faoliyatini yuritmoqda.

Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘lari hisobidan “Nodavlat notijorat tashkilotlari uyi”da joylashgan 5 ta milliy madaniy markazga va 2 ta NNTga  2020-yilning mart oyida moddiy-texnik jihozlari xarid qilindi va topshirildi. 

2021-yil va 2022-yilning o‘tgan davri mobaynida viloyatda faoliyat yuritayotgan milliy madaniy markazlarning barchasiga televizorlar va alohida xonalar ajratib berilishi ta’minlandi.

 Bunday xayrli tadbirlarni tashkil etishda viloyat adliya boshqarmasi ham chetda turgani yo‘q. Boshqarma hamda milliy-madaniy markazlar bilan hamkorlikda 10 dan ortiq turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi. Keng jamoatchilik orasida bag‘rikenglik va insonparvarlik, millatlararo va konfessiyalararo hamjihatlik g‘oyalari keng targ‘ib qilindi.

Bugun mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, jamiyatimizdagi mehr-oqibat, fuqarolar va millatlararo totuvlik, hamjihatlik muhitini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashga davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida doimiy e’tibor qaratilmoqda. An’anaviy ravishda tashkil etilayotgan ko‘plab tadbirlarda bu jihatlar yaqqol aks etmoqda.

Ha, O'zbekiston - jannatmakon yurt, unda turli millat va elat vakillarning bir oila bo'lib, ahil va inoq yashab kelayotgani diyorimizda do‘stlik, ahillik va hamjihatlik kabi azaliy qadriyatlarning tantanasidir.

Barcha vatandoshlarimizga "Xalqlar do‘stligi" kuni bayrami muborak! Yurtimiz osmoni uzra baxt quyoshi porlayversin. Millatlararo do'stlik va birodarlik abadiy bo'lsin!


S.Tog‘ayev,

Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari