Bog'lanish

Telefon
(+998 67) 226-02-53

Elektron manzil
sirdaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

28

Aholini ijtimoiy himoya qilish strategiyasi tasdiqlandi


2022 yil 25 iyul kuni O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “O’zbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish strategiyasini tasdiqlash to’g’risida”gi
PF-173-sonli Farmon imzolandi.

     Mamlakatimizda so’nggi yillarda aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish, ijtimoiy himoya uchun davlat byudjetidan ajratiladigan mablag’lar miqdorini oshirish, qo’shimcha resurslarni jalb qilish, ijtimoiy himoya dasturlari qamrovini kengaytirish va oilalarni og’ir hayotiy holatlardan olib chiqishga qaratilgan qo’shimcha mexanizmlarni joriy etish yo’nalishlarida izchil islohatlar amalga oshirib kelinmoqda.

     Ijtimoiy himoya - mamlakat aholisini ijtimoiy va moddiy muhofaza qilinishini ta’minlaydigan va jamiyatda qaror topgan huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy chora-tadbirlar majmui, davlat va jamiyatning yoshi, salomatligi holati, ijtimoiy ahvoli, tirikchilik vositalari bilan yetarli ta’minlanmagani tufayli yordamga, ko’makka muhtoj fuqarolar to’g’risidagi g’amxo’rligi. Ijtimoiy himoyaning asosiy maqsadi aholi farovonligining to’xtovsiz yaxshilanishini ta’minlash, aholi qatlamlarining ta’lim, madaniyat, kasb malakasi, daromadlari jihatidan keskin tafovutlariga barham berish, jamiyat tomonidan insonga munosib hayot darajasini va inson taraqqiyotini ta’minlashga yordam berishdan iborat. Ijtimoiy himoyaning asosiy yo’nalishlari: erkin ijtimoiy iqtisodiy faoliyat ko’rsatishni ta’minlash; ish bilan bandlik, kasb tanlash, o’qish va bilim olish, daromadlarning kafolatlanishi, har bir fuqaroning o’z iqtisodiy faoliyatida daromadga ega bo’lishi, iste’molchilar himoyasi, iste’molchilar jamiyatlari, tovarlar va xizmatlar sifati, iste'mol kafolatini ta’minlash, aholiga tibbiy xizmat ko’rsatish, ijtimoiy ta'minot tizimi va aholining muhtoj, kam ta’minlangan qismlariga pensiyalar, nafaqalar, turli xil imtiyozlar berish. Rivojlangan demokratik jamiyatda ijtimoiy himoya vazifalarini bajarishni davlat o’z zimmasiga oladi.

       Farmon bilan mamlakat aholisini ijtimoiy himoya qilishning ustuvor yo’nalishlari etib quyidagilar belgilandi:
1. Ijtimoiy yordamga muhtoj va ijtimoiy nafaqa tayinlash mezonlariga javob beradigan barcha oilalar va shaxslarni ijtimoiy yordam dasturlari bilan qamrab olish.

2. Majburiy ijtimoiy kafolatlardan, shu jumladan ijtimoiy himoya turlaridan foydalanish imkoniyatini sohani raqamlashtirish hisobiga kengaytirish, ushbu jarayonga ochiqlik va shaffoflik tamoyillarini joriy qilish.
3. Aholi uchun majburiy ijtimoiy kafolatlarni ta’minlash, ehtiyojmand qatlamlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytiirish.
4. Nogironlikni belgilashning ijtimoiy modeliga bosqichma-bosqich o’tish hamda imkoniyati cheklangan va nogironligi bo’lgan shaxslarning bandligini ta’minlash.
5. Aholining muhtoj qismini zamonaviy protez-ortopediya buyumlari va reablitasiya vositalari bilan ta’minlash.
6. Ijtimoiy xizmatlarni aholiga bevosita mahalla darajasida ko’rsatish amaliyotini joriy etish.

       Mazkur farmon bilan O’zbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish strategiyasi 1-ilovaga muvofiq, O’zbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish strategiyasining maqsadli ko’rsatgichlari 2-ilovaga muvofiq, O’zbekiston Respublikasi aholisini ijimoiy himoya qilish strategiyasini 2022-2023 yillarda amalga oshirish bo’yicha “Yo’l xaritasi” 3-ilovaga muvofiq tasdiqlandi.

     Farmonga asosan Moliya vazirligi tarkibida yuridik shaxs maqomiga ega bo’lmagan Ijtimoiy sug’urta jamg’armasi tashkil etilmoqda. 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab Qoraqalpog’iston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining moliya bosh boshqarmalari huzurida Ijtimoiy sug’urta jamharmasi mablag’larini boshqarish va Ijtimoiy sug’urta nafaqalari to’lovlarini monitoring qilish bo’limlari tashkil etiladi.

      Aholini ijtimoiy himoya qilish doimo davlat e’tiborida, zero O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining Muqaddimasida aks etgan “Respublika fuqarolarining munosib hayot kechirishlarini ta’minlashga intilib” jumlasi ham bundan dalolat berib turibdi. Mamlakatimizda Ijtimoiy himoyaning huquqiy muhiti yaratildi, unga qonuniy asos solindi. Ijtimoiy himoya tamoyillari O'zbekiston Respublikasi Konstitusiyasida kafolatlanib, qabul qilingan qonunlarda o’z aksini topmoqda.


R.Yulchurayev.

Yangiyer shahar yuridik xizmat ko’rsatish markazi
bosh yuriskonsulti