Янгиликлар
O'LIM FAKTI 25 YILDAN SO'NG BELGILANDI
Shirin shahar Farhod mahallasida yashovchi Rahmonqulovlar oilasida 1996-yil 18-mart kuni o‘g‘il farzand dunyoga keldi. El-yurtga xizmat qiladigan inson bo‘lsin, deb unga Husniddin deb ism berishdi. Bolakay endigina bir yoshga to‘lganida xastalik sabab vafot etdi.
Ha, dunyoda farzand dog‘idan og‘ir dard bo‘lmasa kerak. Bu yukni ko‘tarish uchun tog‘lardek bardosh kerak. Jigarbandidan ayrilgan otaning qaddi bukildi, onaning ohu-fig‘oni dunyolarni kuydirdi.
Mana Shoira Raxmonqulova farzandini qora tuproqqa qo‘yganiga ham yigirma besh yil bo‘ldi. Biroq, o‘g‘lining vafot etganligi hech qayerda qayd etilmagan. Shoira opa nafaqa puli rasmiylashtirish harakatida, biroq e’tiborsizlik sabab o‘z vaqtida farzandining o‘lim haqidagi guvohnomasi rasmiylashtirilmagani endi muammo bo‘lib turibdi.
Sh.Rahmonqulova vafot etgan o‘g‘lining o‘lim faktini belgilashda amaliy yordam so‘rab Shirin shahar adliya bo‘limiga murojaat qildi.
Mazkur murojaat bo‘lim ish yurituviga olinib, zarur hujjatlar to‘plandi.
O‘rganish davomida Davlat xizmatlari agentligining arxiv ma’lumotlar bazasida Rahmonkulov Husniddin Rustam o‘g‘lining o‘limi haqida dalolatnoma yozuvlari mavjud emasligi aniqlandi.
Shuningdek, shahar obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan Rahmonkulov Husniddin Rustam o‘g‘li dafn etilgan joy to‘g‘risida ma’lumotnoma taqdim etildi.
Bundan tashqari, murojaatchining qo‘shnilari tomonidan ushbu oilaning bir nafar o‘g‘il farzandi olamdan o‘tganligi tasdiqlandi.
Yuqoridagilarga ko‘ra, Shirin shahar adliya bo‘limi tomonidan Rahmonkulov Husniddin Rustam o‘g‘lining o‘lim faktini belgilash yuzasidan Fuqarolik ishlari bo‘yicha Boyovut tumanlararo sudiga da’vo ariza kirildi.
Natijada, da’vo qanoatlantirilib, Rahmonkulov Husniddin Rustam o‘g‘lining 1997 yil may oyida o‘lganlik faktini belgilash yuzasidan sudning hal qiluv qarori chiqarildi.
Bekzod Gʻaybullayev,
Shirin shahar adliya bo‘limi bosh maslahatchisi