Янгиликлар
Sudga yetaklagan millionlar
Yangiyer shahridagi “Trans Imkon Servis” MCHJ rahbari Mirzaobod tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi tomonidan xizmat ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomalarga asosan bajarilgan ishlar uchun to‘lovlar to‘liq to‘lab berilmaganidan norozi bo‘lib, ushbu qarzdorlikni undirishda amaliy yordam so‘rab Yangiyer shahar adliya bo‘limiga murojaat qildi.
Mazkur murojaat qonunchilik talablari asosida o‘rganildi. O‘rganish davomida MCHJ rahbarining shikoyati asosli bo‘lib chiqdi. Aniqlanishicha, Yangiyer shahridagi “Trans Imkon Servis” MCHJ hamda “Mirzaobod tuman yo‘llardan foydalanish” unitar korxonasi o‘rtasida 2019-yil 4-yanvarda, 2020-yil 4-yanvarda, 2021-yil 1-fevralda shartnomalar hamda 2021-yil 16-avgustda pudrat shartnomalari tuzilgan bo‘lib, shartnomalarga asosan o‘ziga tegishli avtomashinalarda xizmatlar ko‘rsatish, javobgar esa ko‘rsatilgan xizmatlarni hujjatlar asosida qabul qilish va haqini to‘lash majburiyatini olgan.
“Trans Imkon Servis” MCHJ tomonidan shartnoma majburiyatlari bajarilib, to‘liq xizmat ko‘rsatilgan, buning uchun 417.000.000 so‘m pul mablag‘lari to‘lab berilgan. Biroq, bajarilgan ishlar uchun qolgan 427.843.891 so‘m pul mablag‘lari “Mirzaobod tuman yo‘llardan foydalanish” unitar korxonasi tomonidan mas’uliyati cheklangan jamiyatining hisob raqamiga o‘tkazib berilmagan.
“Trans Imkon Servis” MCHJ rahbariyati tomonidan bugungi kunga qadar qarzdorlikni so‘ndirish bo‘yicha “Mirzaobod tuman yo‘llardan foydalanish” unitar korxonasiga yozma ravishda talabnomalar yuborilgan, biroq natija bo‘lmagan.
O‘rganish davrida ushbu 427.843.891 so‘mlik qarzdorlik solishtirma dalolatnomada ham qayd etilganligi ma’lum bo‘ldi.
“Mirzaobod tuman yo‘llardan foydalanish” unitar korxonasi tomonidan qarzdorlikni to‘lamasdan kelayotganligi sababli “Trans Imkon Servis” MCHJ moddiy zarar ko‘rgan.
O‘zbekiston Respublikasining "Xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida"gi Qonuni 32- moddasi ikkinchi qismida, yetkazib berilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) haqini o‘z vaqtida to‘lamaganlik uchun sotib oluvchi (buyurtmachi) yetkazib beruvchiga o‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun kechiktirilgan to‘lov summasining 0,4 foizi miqdorida, ammo kechiktirilgan to‘lov summasining 50 foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorida penya to‘lashi belgilangan.
Yuqoridagilarga asosan, Yangiyer shahar adliya bo‘limi tomonidan “Trans Imkon Servis” MCHJ manfaatida Guliston tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi kiritildi.
Natijada sudning hal qiluv qarori bilan “Mirzaobod tuman yo‘llardan foydalanish” unitar korxonasi hisobidan “Trans Imkon Servis” MCHJ foydasiga 427.843.891 so‘m asosiy qarz, 9.583.706 so‘m penya undirilishi belgilandi.
Laziz Xudoyqulov,
Yangiyer shahar adliya bo‘limi boshlig‘i