Янгиликлар
Targ'ibot tadbiri keng qamrovli bo'ldi
Korrupsiya – taraqqiyot kushandasi. Sayxunobod tuman tibbiyot birlashmasida tashkil etilgan tadbir ana shunday nomlandi. Tadbirda adliya bo‘limi boshlig‘i B.Nazarov, Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig‘i T.Fayziyev ma’ruza bilan ishtirok etishdi.
Ta’kidlanganidek, korrupsiya mansabdor shaxslar o‘zlariga berilgan huquqlar va hokimiyat vakolatlaridan shaxsiy boylik orttirish uchun foydalanishda ifodalanuvchi siyosat yoki davlat boshqaruvi sohasidagi jinoiy faoliyatdir. Tadbir davomida mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar xususida atroflicha fikr-mulohazalar bildirilib, aholi hamda davlat tashkiloti xodimlariga har tomonlama qulay sharoit yaratib berilayotgani, ammo ba’zi hollarda ayrim fuqarolar o‘z haq-huquqlarini yaxshi bilmasliklari tufayli ta’magirlik, poraxo‘rlik, korrupsiya holatlari yuzaga kelayotgani, buning uchun esa, davlat va nodavlat tashkilotlar hamda tibbiyot xodimlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash zarur ekanligi alohida tushuntirildi.
Tadbir keng qamrov kasb etib, jarayonda Davlatimiz rahbarining “Yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari faoliyatini yanada kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyatiga ham to‘xtalib o‘tildi. Joriy yil 1 avgustdan boshlab bosqichma-bosqich markazlar tomonidan respublikaning barcha tuman va shaharlarida yuridik xizmat bilan ta’minlanmagan davlat organlari va tashkilotlari tuman (shahar) bo‘linmalari, davlat umumiy o‘rta ta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda ko‘p tarmoqli markaziy va oilaviy poliklinikalarga ham yuridik xizmat ko‘rsatiladi. Shunga ko‘ra, “E-huquqshunos” elektron tizimiga ulanish, tizimning afzalliklari va undan foydalanish tartibi mas’ul ijrochilar va soha xodimlariga batafsil tushuntirildi.
Shuningdek, tadbirda konstitusiyaviy islohotlarning ahamiyati, Referendum qonunchiligi mazmun-mohiyati yuzasidan ham fikr-mulohazalar bildirildi.
Tadbir nihoyasida ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga atroflicha javoblar berildi.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi