Янгиликлар
#Mening_konstitutsiyam
Kishilik jamiyati rivojlanish bosqichlarida sodir etilgan ijtimoiy xavfli qilmishlar uchun eng og‘ir, oliy jazo - o‘lim jazosi sifatida ko‘rilgan. Davlat va jamiyatga u yoki bu turdagi yetkazilgan xavf uchun ayrim davrlarda va ayrim mamlakatlarda o‘lim jazosi qo‘llanilgan.
Mustaqilligimizning dastlabki yillarida jinoyat to‘g‘risidagi qonunchiligimizda o‘lim jazosini nazarda tutuvchi 30 tadan ortiq modda mavjud bo‘lgan. 1994 yil qabul qilingan Jinoyat kodeksida bunday moddalar soni 13 taga, 1998 yilda 8 taga, 2001 yilda esa 4 tagacha kamaytirildi. 2003 yilda jinoyat qonunchiligini liberallashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida, faqat ikki turdagi ijtimoiy xavfli qilmish javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirish va terrorizm jinoyatlarini sodir etganlik uchun o‘lim jazosi saqlanib qolgan. 2008 yilning 1 yanvardan jinoiy jazo turi sifatida o‘lim jazosi bekor qilinib, uning o‘rniga umrbod yoki uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi joriy etilgan.
Umrbod yoki uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi O’zbekiston Respublikasi Oliy sudi, jinoyat ishlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi, viloyatlar, Toshkent shahar sudlari, O’zbekiston Respublikasi Harbiy sudi tomonidan tayinlanishi mumkin.
Bugungi kunda dunyo bo‘yicha o‘lim jazosini qonunlaridan olib tashlagan 108 ta davlatlar qatorida O’zbekiston Respublikasi nomi ham zikr qilinadi.
To‘g‘ri, xalqaro huquq, jumladan, 1949 yil Jeneva konvensiyasi ham dunyo davlatlari qonunchiligida o‘lim jazosini qo‘llashni nazarda tutadi. Lekin bugungi kunga kelib rivojlangan aksariyat davlatlar ushbu jazo turidan voz kechishmoqda. E’tibor beradigan bo‘lsak, dunyo davlatlarining uchdan ikki qismidan ko‘prog‘i o‘lim jazosini qonun yoki amalda bekor qilganligini ko‘rishimiz mumkin. Yuqorida ta’kidlanganidek, 108 ta davlat, ya’ni dunyoning aksariyat davlatlari barcha jinoyatlar uchun o‘lim jazosini qonunan bekor qilgan va 144 ta davlat o‘lim jazosini amalda qo‘llamayotgan bo‘lsa, 55 ta davlat o‘z qonunchiligida o‘lim jazosini saqlab qolmoqda.
Shuningdek, qo‘shni davlat bo‘lgan Qozog‘istonda 2021 yil dekabrda qabul qilingan barcha jinoyatlar uchun o‘lim jazosini bekor qiluvchi qonuni joriy yildan kuchga kirdi. Bungacha mamlakatning jinoyat kodeksida 17 ta moddada o‘lim jazosi ko‘zda tutilgan edi.
Vaqt o‘tishi bilan xalqaro hamjamiyat o‘lim jazosini qo‘llashni taqiqlovchi bir qancha hujjatlarni qabul qildi. Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktga doir, o‘lim jazosini bekor qilishga qaratilgan ikkinchi fakultativ protokol shular jumlasidandir.
O’zbekiston Respublikasining “Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasiga ko‘ra Konstitutsiyaning 24-moddasiga “O’zbekiston Respublikasida o‘lim jazosi taqiqlanadi” degan norma kiritilishi nazarda tutilgan.
Bilamizki, o‘lim jazosiga hukm qilish o‘nglab bo‘lmaydigan holat hisoblanib, keyinchalik ushbu holat bo‘yicha ayblanuvchini oqlaydigan dalillar vujudga kelgan taqdirda ushbu xatoni bartaraf qilishning imkoni yo‘qqa chiqadi.
Bu kabi holatlarga tarixdan ko‘plab misollar keltirish mumkin. Xususan, 1973 yildan beri AQShda o‘lim jazosiga hukm qilingan 184 dan ortiq mahbuslar keyinchalik aybsizligi ma’lum bo‘lganligi sababli oqlangan yoki o‘lim jazosi bekor bo‘lgan. Boshqa holatlarda esa, o‘zlarining xukm qilinganlarning aksariyati o‘z ayblarini tan olmagan holatida qatl etilgan.
Shu o‘rinda hulosa qilib aytishimiz kerakki, amaldagi qonunchilik bilan o‘lim jazosi bekor qilingan bo‘lsada, ushbu normani konstitutsiyaviy qonun bilan mustahkamlanishini bu inson xayotini oliy qadriyat darajasiga ko‘tarilishi demakdir.
Akbar Axrorov,
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Huquqiy targ‘bot va ma‘rifat bo‘limi boshlig‘i