Янгиликлар
ARXIV ISHI SOHASIDA QO‘SHIMCHA DAVLAT XIZMATLARI
Sirdaryo viloyati arxiv ishi hududiy boshqarmasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Arxiv ishi va ish yuritish sohasida davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ayrim ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori mazmun-mohiyatini tushuntirish yuzasidan davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirda Sirdaryo viloyati adliya boshqarmasi Davlat xizmatlari ko‘rsatilishi ustidan nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i U.Sayitmuratov, Guliston shahar davlat xizmatlari markazi Hujjatlarni qabul qilish va taqdim etish bo‘limi boshlig‘i Dilshod Xudoyberdiyev tomonidan mazkur qaror bilan tasdiqlangan ma’muriy reglamentlar to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar berildi.
Ta’kidlanganidek, adliya organlari jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi hamda ushbu sohada davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatini nazorat qiladi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, tadbirda ish haqi va ish stajini tasdiqlash haqida arxiv ma’lumotnomasini berish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatishning talablariga rioya etilishi yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berilib, bu borada doimiy monitoring olib borilishi ta’kidlandi.
Shuningdek, tadbirda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasasida o‘qiganlikni tasdiqlash haqidagi arxiv ma’lumotnomasini berish, arab alifbosida yaratilgan turk, fors va arab tilidagi hujjatlardagi axborotlar to‘g‘risida annotasiya ma’lumotlarini tayyorlab berish, arxiv hujjatlari, kitoblar va qo‘lyozmalarni raqamlashtirish (elektron nusxa olish) bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatishning ma’muriy reglamentlar to‘g‘risida ham fikr-mulohazalar bildirildi.
Ochiq muloqot ruhida o‘tgan tadbir davomida ish haqi va ish stajini tasdiqlash haqida arxiv ma’lumotnomasini berish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatishning talablariga rioya etilishi yuzasidan sohada aniqlangan xato va kamchiliklar muhokama qilinib, ularni bartaraf etish bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi