Bog'lanish

Telefon
(+998 67) 226-02-53

Elektron manzil
sirdaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

16

Murojaat qilish huquqi takomillashtiriladi


O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 35-moddasida har bir shaxs bevosita o‘zi va boshqalar bilan birgalikda vakolatli davlat organlariga, muassasalariga yoki xalq vakillariga ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga ega ekanligi kafolatlangan.

Shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun loyihasida mazkur norma yanada takomillashtirilib, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga ham murojaat qilish huquqi konstitutsiya darajasida mustahkamlanishi nazarda tutilmoqda.

“Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni fuqarolarning davlat organlari va muassasalariga ariza, taklif va shikoyat bilan murojaat etishga oid konstitutsiyaviy qoidani amalga oshirishni ta’minlovchi asosiy normativ huquqiy hujjat hisoblanib, davlat organlarining fuqarolar murojaatlarini qabul qilish, ko‘rib chiqish va hal etish bilan bog‘liq huquq va majburiyatlari sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi.

Ta’kidlash kerakki, fuqarolar biror-bir davlat organiga nafaqat yozma, balki og‘zaki ariza, taklif va shikoyat bilan ham murojaat etish huquqiga ega. Fuqarolarning og‘zaki murojaati uning yozma tarzdagi murojaati bilan bir xil ahamiyatga ega. Murojaat qilishda og‘zaki yoki yozma shakldan foydalanish fuqaroning huquqi hisoblanadi va unga murojaat shaklini o‘zgartirish bo‘yicha talab qo‘yilishi mumkin emas. Ushbu Qonunda belgilangan tartib asosida murojaat etish huquqidan O‘zbekistonda istiqomat qiluvchi barcha fuqarolar – O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ham foydalanishlari mumkin. 

Murojaatlarni ko‘rib chiqish va ijobiy hal etish qonunchilikda belgilangan tegishli huquqiy asoslar, tartib va muddatlarda amalga oshiriladi. Jumladan, ariza yoki shikoyat 15 kun ichida, qo‘shimcha o‘rganish, tekshirish, yoki qo‘shimcha hujjatlarni so‘rab olish talab etilgan hollarda bir oygacha muddatda ko‘rib chiqilishi mumkin. Qonunchilikka muvofiq, muddat tegishli davlat organining rahbari tomonidan ko‘pi bilan bir oy muddatga uzaytirilishi nazarda tutilgan. Taklif bir oygacha bo‘lgan muddatda o‘rganilib, ko‘rib chiqiladi. Ushbu tartib-taomillarni ishlab chiqishda xalq manfaatlari hisobga olindi.

Xulosa o‘rnida qayd etish kerakki, murojaat qilish huquqining konstitutsiya darajasida mustahkamalanishi xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak degan tamoyilini o‘zida aks ettiradi.

Dilnoz Umrzoqova,

Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha maslahatchisi