Янгиликлар
Reklamani tayyorlash, joylashtirish va tarqatish sohasidagi munosabatlar tartibga solinadi
Ma’lumki, reklama marketingning tarkibiy qismi hisoblanib, talab va iste’molchilar didining shakllanishiga ta’sir ko‘rsatadi. Reklamaning asosiy vazifasi — xaridorni qiziqtirish, mijoz xaridorlarni yo‘qotmaslik va ularni kengaytirishga qaratiladi.
Mamlakatimizda reklamani tayyorlash, joylashtirish va tarqatish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining “Reklama to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi.
Bugun Sirdaryo viloyatida mazkur Qonun targ‘ibotiga bag‘ishlangan o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi.
Seminarda Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi Sirdaryo viloyat tuzilmasi, Axborot va ommaviy kommunikasiyalar boshqarmasi, Adliya boshqarmasi, viloyat va tuman-shahar hokimliklarining til bo‘yicha maslahatchilari, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Sirdaryo viloyati bo‘limi mas’ul xodimlari, reklama agentliklari, jurnalist va blogerlar ishtirok etdilar.
Ta’kidlanganidek, reklama qonuniylik, aniqlilik, ishonchlilik kabi maxsus qoidalarga muvofiq bo‘lishi lozim. Respublika hududida reklama O‘zbekiston Respublikasining davlat tilida tarqatiladi. Qonunga ko‘ra reklamada maktabgacha ta’limda hamda tarbiyada, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’limda foydalaniladigan bosma nashrlarda tovarlarni reklama qilish, narxlarni (tariflarni) chet el valyutasida ko‘rsatish, bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda axborot mahsulotini yosh tasnifini ko‘rsatmasdan reklama qilish, milliy va oilaviy an’analarga, shuningdek axloq va ma’naviyatning umum qabul qilingan normalariga zid bo‘lgan shakllar, iboralar va obrazlardan foydalanish taqiqlanadi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunda nazarda tutilgan shu kabi muhim jihatlarga alohida to‘xtalib o‘tdilar.
Seminar bahs-munozaraga boy bo‘ldi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan tegishli javoblar berildi. Yakunda mazkur Qonun mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida hududlarda targ‘ibot tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar belgilab olindi.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi