Янгиликлар
ODAM SAVDOSI - HUDUD, CHEGARA, MILLAT TANLAMAYDIGAN MUDHISH JINOYAT
“30 kun – hamkorlikda odam savdosiga qarshi kurashish oyligi” doirasida Sirdaryo viloyat perenatal markazida targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi hamda viloyat sudi hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbir mamalakatmizda odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida qabul qilingan qonunchilik hujjatlari mazmun-mohiyatini tushuntirishga qaratildi.
Tadbirda dunyo bo‘ylab keng qamrovli faoliyat, tegishli targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilishiga qaramay, har yili millionlab insonlar, hatto yosh bolalar ham odam savdosi qurboniga aylanayotganligi ta’kidlandi.
-hudud va chegara bilmaydigan bu jinoyat jamiyat taraqqiyoti va davlatlar rivojiga jiddiy xavf tug‘dirmoqda. Odam savdosidek og‘ir jinoyat inson hayoti, erkinligi va huquqlarini poymol qilib, uning erki, taqdiri va kelajagini barbod qiladi,-deydi adliya boshqarmasi mas’ul xodimi T. Turdibekov
Muloqotda 2021-2022 yillar davomida Sirdaryo viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan odam savdosi jinoyatiga oid ko‘rib chiqilgan jinoyat ishlari, shuningdek chaqaloq savdosi bilan shug‘ullangan va vositachilik qilganlarga nisbatan qo‘llaniladigan jazo turlari haqida ma’lumotlar berildi.
Bundan tashqari tadbir davomida shaxs chet davlatning harbiy xizmatiga, xavfsizlik organlariga, huquqni muhofaza qiluvchi organlariga, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga xizmatga kirganligi O‘zbekiston fuqaroligini yo‘qotishga asos bo‘lishi, jinoyat kodeksining 1541-moddasiga asosan O‘zbekiston fuqarosining chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga yollanishi 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkinligi tushuntirildi.
Shuningdek tadbirda konstitutsiyaviy islohotlarning ahamiyati, Referendum qonunchiligi mazmun-mohiyati yuzasidan ham fikr-mulohazalar bildirildi.
Tadbir nihoyasida ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga atroflicha javoblar berildi.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi