Янгиликлар
#adliya_aralashgach
Yangiyer shahar axborot kutubxona markazining axborot texnologiyalar bo‘yicha mas’ul xodimlari B.Samiyev hamda N.Bozorovlar 2022-yil yanvar va fevral oylari uchun ustama to‘lovlari to‘lab berilmaganidan norozi bo‘lib, ushbu mablag‘larni undirishda amaliy yordam so‘rab Yangiyer shahar adliya bo‘limiga murojaat qildi.
Mazkur murojaat adliya bo‘limi tomonidan nazoratga olinib, qonunchilik talablariga muvofiq o‘rganildi.
O‘rganish davomida B.Samiyevga 3.521.152 so‘m hamda N.Bozorovga 2.698.760 so‘m axborot texnologiyalari xodimlari uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan ustama pullari sababsiz to‘lanmaganligi aniqlandi.
Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalari sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni 7-bandida davlat organlari va boshqa byudjet tashkilotlarining zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini joriy qilish va rivojlantirishga mas’ul bo‘lgan xodimlarga beriladigan har oylik ustama miqdori xodim lavozim maoshidan 100 foizdan kam bo‘lmagan miqdorda belgilanishi nazarda tutilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 154-moddasida ish beruvchi o‘zining moliyaviy holatidan qat’iy nazar, hodimga bajarilgan ish uchun haqini belgilangan mehnat haqi shartlariga muvofiq to‘lashga majburligi ko‘rsatilgan.
Ushbu qonunbuzilishni bartaraf etish yuzasidan Yangiyer shahar axborot kutubxona markaziga taqdimnoma kiritildi. Biroq, taqdimnoma ijrosi belgilangan muddatda ta’minlanmadi. Taqdimnoma ijrosini ta’minlashda sustkashlikka yo‘l qo‘ygani sababli kutubxona direktori MJtKning 198-4-moddasi bilan ma’muriy javobgarlikka tortildi.
Kutubxona markazining axborot texnologiyalar bo‘yicha mas’ul xodimlari B.Samiyev hamda N.Bozorovlarning manfaatini ko‘zlab, ustama pullarini undirish yuzasidan adliya bo‘limining arizasi Fuqarolik ishlari bo‘yicha Guliston tumanlararo sudida ko‘rib chiqildi.
Natijada adliya bo‘limining arizasi qanoatlantirilib, B.Samiyevga 3.521.152 so‘m hamda N.Bozorovga 2.698.760 so‘m ustama pullarini undirish bo‘yicha sud buyrug‘i qabul qilindi.
Laziz Xudoyqulov
Yangiyer shahar adliya bo‘limi boshlig‘i