Янгиликлар
Mening_Konstitutsiyam
Amalga oshirilayotgan islohotlarda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, xususiy mulk daxlsizligini kafolatlash, fuqarolarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va kambag‘allikni qisqartirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilangan.
Ushbu maqsadda davlat tomonidan tadbirkorlikni rivojlantirish va har tomonlama qo‘llab-quvvatlash yuzasidan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilayotganligini ko‘rishimiz mumkin.
Jumladan, Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish yuzasidan taklif qilingan qonunchilik loyihasining 53-moddasida bozor munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan O‘zbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etishi va davlat iste’molchilarning huquqlari ustuvorligini hisobga olgan holda, iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini, halol erkin raqobatni, barcha mulk shakllari huquqiy jihatdan teng ravishda muhofaza qilinishini kafolatlashi bayon qilingan.
Xususan, qonun loyihasida xususiy mulk daxlsizligi va davlat tomonidan himoya qilinishiga alohida urg‘u berilgan.
Shuningdek, davlat iqtisodiyot tarmoqlarining va hududlarning uyg‘un holda rivojlantirilishi uchun shart-sharoitlar yaratishi, iqtisodiy resurslarning adolatli ravishda taqsimlanishi, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay ishbilarmonlik muhitini va investitsiyaviy muhitni, shart-sharoitlarni ta’minlashini konstitutsion qonun bilan o‘z zimmasiga olishi nazarda tutilgan.
Mazkur qonun loyihasida tadbirkorlarga qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirishga, o‘z faoliyatining yo‘nalishini mustaqil ravishda tanlashga, tadbirkorlikdan cheklanmagan miqdorda daromad olishga haqli ekanligi, tovarlarning, xizmatlarning, ishchi kuchining va moliyaviy mablag‘larning harakatlanishini cheklashga qaratilgan chora-tadbirlar, agar ular xavfsizlikni, odamlarning hayoti va sog‘lig‘i himoya qilinishini, tabiat va madaniy meros obyektlari muhofaza qilinishini ta’minlash uchun zarur bo‘lsa, qonunchilikka muvofiq joriy etilishi mumkinligi ta’kidlangan.
Qolaversa, iqtisodiy faoliyatda insofsiz raqobatga, monopollashtirishga yo‘l qo‘yilmasligi haqidagi normaning kiritilishi ham alohida ahamiyatlidir.
Xulosa o‘rnida aytish lozimki, xususiy mulk daxlsizligini kafolatlash, shuningdek tadbirkorlik subektlarini har tomonlama qo‘llab-quvatlashga oid normalarning konstitutsiyada mustahkamlab qo‘yilishi xalqimizning moddiy salohiyatini rivojlantirishga, jamiyat farovonligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Akbar Axrorov,
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Huququiy targ‘ibot va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i