Янгиликлар
Mening_Konstitutsiyam
Amaldagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 50-moddasida fuqarolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga majbur ekanligi, 54-moddasida mulkdan foydalanish ekologik muhitga zarar yetkazmasligi, fuqarolar, yuridik shaxslar va davlatning huquqlarini hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzmasligi shartligi belgilangan.
Biroq har bir inson qulay atrof-muhitga, uning holati to‘g‘risida ishonchli ma’lumotga va ekologik huquqbuzarlik tufayli sog‘lig‘i yoki mulkiga yetkazilgan zararni qoplash huquqiga ega ekanligi, davlat atrof-muhitni muhofaza qilish va tiklash maqsadida tabiiy resurslardan oqilona foydalanish ustidan nazoratni amalga oshirishi bilan bog‘liq muhim normalar o‘z ifodasini topmagan.
Shundan kelib chiqib “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi IX bob nomlanishiga ekologik huquqlar kiritilib, bir qator ekologik huquqlarga oid normalar belgilanmoqda.
Xususan, loyihaning 40-moddasiga ko‘ra davlat barqaror rivojlanish prinsipiga muvofiq atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va himoya qilish, ekologik muvozanatni saqlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishi, shuningdek Orolbo‘yi mintaqasining ekologik tizimini himoya qilish va tiklash, uni ijtimoiy, iqtisodiy jihatdan barqaror rivojlantirish bo‘yicha zarur choralar ko‘radi.
Bundan tashqari, 401-moddada har kim sog‘lom va qulay atrof-muhitga, uning holati haqidagi haqqoniy axborotga ega bo‘lish hamda o‘z sog‘lig‘iga yoki mol-mulkiga ekologik huquqbuzarlik tufayli yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishi huquqiga ega ekanligi bayon qilingan.
Qonun loyihasida o‘z ifodasini topayotgan ushbu yo‘nalishga doir ekologik-huquqiy normalar jamiyatda fuqarolarning ekologik huquqlari va majburiyatlari, ayniqsa, mansabdor shaxslarning tabiat himoyasi uchun mas’uliyatini keskin oshirishga, mamlakatimizning ekologik xavfsizligi va barqarorligini ta’minlash, iqlim o‘zgarishlariga moslashish imkonini berishi bilan bir qatorda iqtisodiyot tarmoqlari rivojlanishiga xizmat qiladi.
Xilola Sulaymanbekova,
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Huquqiy targ‘ibot va ma’rifat bo‘limi yetakchi maslahatchisi