Янгиликлар
Tojik tili fani o'qituvchisi olimpiada g'olibi edi, unga ustama haqi to'lab berilmagan
D.Salomatova 2010-yildan buyon Sayxunobod tuman xalq ta’limi bo‘limi tasarrufidagi 2-son umumiy o‘rta ta’lim maktabida tojik tili va adabiyoti fanidan dars beradi.
U 2006-yilda tojik tili fani bo‘yicha o‘tkazilgan Respublika olimpiadasida ishtirok etib g‘olib bo ‘lgan. Buni tasdiqlovchi guvohnomasi ham bor. Biroq, D.Salomatovaga lavozim maoshiga har oy toʻlanishi lozim boʻlgan 100 foizlik ustama haqi toʻlab berilmagan.
Sayxunobod tuman adliya bo‘limiga kelib tushgan ushbu murojaat belgilangan tartibda qonunchilik talablari asosida o‘rganildi.
D.Salomatova haqiqatdan ham 2006-yilda, hali o‘quvchilik davrida tojik tili fani boʻyicha oʻtkazilgan Respublika olimpiadasida ishtirok etib gʻolib boʻlganligi, unga Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan berilgan 000144-son “Oʻzbekiston Respublikasi oʻquvchilarining respublika olimpiadasi gʻolibi toʻgʻrisida”gi guvohnoma berilganligi o‘rganish davomida o‘z tasdig‘ini topdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4306-son qarorini 5-band “g” kichik bandida taʼlim muassasalarida oʻqituvchi boʻlib faoliyat yuritayotgan asosiy olimpiadalar respublika bosqichi gʻoliblari lavozim maoshiga har oy 100 foizlik ustama haqi toʻlanishi lozimligi belgilanganligi koʻrsatilgan.
Demak, D.Salomatovaning e’tirozi o‘rinli, qarorda nazarda tutilganidek, uning lavozim maoshiga har oy toʻlanishi lozim boʻlgan 100 foizlik ustama haqi toʻlab berilishi lozim.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, tuman adliya boʻlimining aralashuvi bilan Xalq taʼlimi boʻlimi tomonidan xodimga toʻlanishi lozim boʻlgan ustamalar hisob-kitob qilinganda ushbu mablag‘ 62 393 646 soʻmni tashkil qildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 154-moddasi 1-qismida ish beruvchi oʻzining moliyaviy holatidan qatʼiy nazar, xodimga bajargan ishi uchun belgilangan mehnat haqi shartlariga muvofiq ushbu Kodeksning 161-moddasida koʻrsatilgan muddatlarda toʻlashi shartligi belgilangan.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 19-martdagi “Ish haqlarini oʻz vaqtida toʻlanishiga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorining 3-bandida vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari, mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar, korxonalar va tashkilot rahbarlari xodimlarga ish haqini oʻz vaqtida va toʻliq toʻlanishi uchun shaxsan javob berishi qayd etilgan.
Shunga koʻra, Sayxunobod tuman adliya bo‘limi tomonidan D.Salomatovaning manfaatida Fuqarolik ishlari boʻyicha Sirdaryo tumanlararo sudiga daʼvo arizasi kiritildi.
Natijada, sud buyrugʻiga asosan Sayxunobod tuman Xalq taʼlimi muassasalari faoliyatini metodik taʼminlash va tashkil etish boʻlimi hisobidan oʻqituvchi D.Salomatova foydasiga 62 393 646 soʻm miqdoridagi ustama pullari undirilishi belgilandi.
Baxtiyor Nazarov,
Sayxunobod tuman adliya bo'limi boshlig'i