Янгиликлар
Shaxsiy hayot daxlsizligi va shaxsning erkin harakatlanishining konstitutsiyaviy kafolatlari mastahkamlanadi
Kishilarning erkinligi va shaxsiy daxlsizligi ularning sha’ni-yu qadr-qimmati bebaho qadriyat sifatida ulug‘lanadi. Shunga ko‘ra, fuqarolarning huquq va erkinliklari, ularning shaxsiy daxlsizligi qonunan muhofaza qilinadi.
Taqdim qilingan O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasida mamlakatimizda fuqarolarning huquq va erkinliklari qonunan muhofaza qilish maqsadida shaxsiy hayot daxlsizligini, shaxsning erkin harakatlanishi, shaxsni himoya qilish borasida huquq va erkinliklari kafolatlanganligini ko‘rishimiz mumkin.
Qonun loyihasining 25-moddasida har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega ekanligi, hech kim qonunga asoslanmagan holda ushlab turilishi yoki qamoqda saqlanishi mumkin emasligi va ushlab turishga, qamoqqa olishga va qamoqda saqlashga yoki ozodlikni boshqacha tarzda cheklashga faqat sudning qaroriga ko‘ra yo‘l qo‘yilishi, shaxs sud qaror qabul qilmagunicha qirq sakkiz soatdan ko‘p muddat ushlab turilishi mumkin emasligi, agar ushlab turish yoki ozodlikni boshqacha tarzda cheklash to‘g‘risidagi qaror belgilangan muddatda sud tomonidan qabul qilinmasa, shaxs darhol ozod qilinishi kerakligi haqida abyon qilingan.
Birlashgan millatlar tashkiloti tomonidan 1948 yil 10 dekabrda qabul qilingan umumjaxon deklaratsiyasi va inson huquqlarini himoya qilishga qaratilgan boshqa xalqaro hujjatlarda ham hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emasligi, hech kimda uning roziligisiz tibbiy, ilmiy va boshqa tajribalar o‘tkazilishi mumkin emasligi, har bir inson o‘z shaxsini erkin rivojlantirish, qonun bilan taqiqlanmagan hamda boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini buzmaydigan har qanday harakatni amalga oshirish huquqiga ega ekanligi haqida qoidalar belgilangan.
Davlatimiz rahbari 20 iyun kuni respublika Konstitutsiyaviy komissiyasi a’zolari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvi chog‘ida huquq-tartibot organlari tomonidan qo‘lga olingan gumon qilinuvchi shaxslar huquqlari buzilishining oldini olish maqsadida «ko‘plab davlatlarning Konstitutsiya va qonunlarida hamda inson huquqlariga oid xalqaro hujjatlarda aks etgan «Miranda qoidasi»ni qo‘llash taklifini ilgari surgan edi.
Ushbu qoidaga ko‘ra, shaxsni ushlash chog‘ida uning huquqlari va nima sababdan ushlangani sodda tilda tushuntirilishi shart hisoblanadi.
Qonun loyihasining 25-moddasi davomida shaxsni ushlab turish chog‘ida uning huquqlari va ushlab turish asoslari unga tushunarli tilda tushuntirilishi kerakligi talabi belgilanganligini ko‘rishimiz mumkin.
Shu kabi qoidalarning O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasida aks etganligi ham alohida ahamiyatlidir.
Shuningdek, jismoniy shaxsning roziligisiz uning shaxsiy hayotiga taalluqli axborotni, xuddi shuningdek shaxsiy va oilaviy siri, o‘z sha’ni va qadr-qimmati bilan bog‘liq materiallar, yozishmalar, telefondagi so‘zlashuvlar, pochta, telegraf va boshqa muloqotlar himoya qilinishi huquqiga ega ekanligi ham konstitutsiyaviy qonun loyihada ko‘rsatib o‘tilgan.
Xulosa o‘rnida shuni aytish lozimki, shaxsiy hayot daxlsizligi, shaxsning erkin harakatlanish kafolatlari, shaxsni himoya qilish borasida huquq va erkinliklari konstitutsiyaviy qonun bilan kafolatlanganligi taraqqiy etgan fuqarolik jamiyati qurish uchun mustahkam qadam hisoblanadi.
Akbar Ahrorov,
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Huquqiy targ'ibot va ma'rifat bo'limi boshlig'i