Янгиликлар
Adliya_aralashgach
Sirdaryolik M.Olishevaning 4 nafar farzandi bor edi. 2011-yilda tug‘ilgan farzandi S.Qo‘chqorov kasallik oqibatida 2013-yilda vafot etdi. Dilband dog‘idan ancha vaqt o‘ziga kelolmagan ona farzandining o‘lim guvohnomasini olish, qachondir ushbu hujjatga zarurat yuzaga kelishini xayoliga ham keltirmagan edi. Oradan 9 yil o‘tdi, Maxsuda opa moddiy yordam so‘rab mahallaga murojaat qildi. Hammasi shundan keyin boshlandi.
Moddiy yordam uchun hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonida farzandlari soni 4 nafar bo‘lib chiqdi, chunki o‘g‘li Sardorning vafot etganligi hech qayerda qayd etilmagan.
Sirdaryo tumanidagi “Istiqbol” mahallasida yashovchi M.Olisheva oʻsha vaqtda eʼtiborsizligi sabab oʻlim guvohnomasini olmaganligi, hozirda shu guvohnomaga zarurat paydo boʻlganligini aytib, ushbu masalada amaliy yordam soʻrab tuman adliya boʻlimiga murojaat qildi. Mazkur murojaat bo'yicha tegishli tashkilotlarga soʻrov xatlari yuborilib, belgilangan tartibda oʻrganib chiqildi.
O'rganish davomida S.Qo’chqorovning oʻlimi hech qayerda qayd qilinmaganligi aniqlandi.
Yuqoridagilarga asosan hamda to‘plangan ma’lumotlarga tayanib Sirdaryo tuman adliya boʻlimi tomonidan fuqaro M.Olishevaning manfaatida farzandining vafot etganligi faktini belgilash haqida fuqarolik ishlari boʻyicha Sirdaryo tumanlararo sudiga ariza kiritildi.
Mazkur ariza sud tomonidan qanoatlantirildi. Adliya ko‘magi bilan M.Olishevaning muammosiga yechim topildi. Sud qaroriga asosan farzandi S.Qo’chqorovning vafot etganligi fakti belgilandi.
Sodiqjon Hamroyev,
Sirdaryo tuman adliya bo'limi bosh maslahatchisi