Янгиликлар
Mehnat qilish huquqlarining konstitutsiyaviy kafolatlari
Mehnat jarayonida insonning xavfsizligini, hayoti va sog‘lig‘i, ish qobiliyati saqlanishini ta’minlashga doir huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy, texnikaviy va boshqa harakatlar hamda vositalari amalga oshirish bilan bog‘liq mehnatni muhofaza qilish masalalari davlat tomonidan kafolatlanadi.
Statistik ma’lumotga ko‘ra 2022-yil 1-yanvar holatida O‘zbekistondagi mehnat resurslari soni 19 million 345 ming kishini tashkil etdi.
“O‘zbekiston Respublikasi Konsitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonuni loyihasining 37-moddasiga ko‘ra har kim munosib mehnat qilish, erkin kasb tanlash, xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun hech qanday kamsitilishlarsiz va belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan tarzda adolatli haq olish, shuningdek ishsizlikdan qonunda belgilangan tartibda himoyalanish huquqiga ega ekanligi bayon qilingan.
Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartirishlar loyihasida mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori insonning o‘zi va oilasi yashashi uchun yetarli bo‘lishi kerakligi, xomiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanishi hamda har bir ishlovchi ayol homilador bo‘lgan taqdirda va tug‘ish davrida haq to‘lanadigan ta’tilga hamda yangi tug‘ilgan chaqaloqni parvarish qilish uchun ta’tilga yoki bolani farzandlikka olish uchun ta’tilga chiqish huquqiga ega bo‘lishligi haqida normalar kiritilgan.
Shuningdek, taklif qilinayotgan loyihada majburiy mehnatdan va bolalar mehnatining eng yomon shakllaridan foydalanish taqiqlanishi bayon qilingan.
Loyihada taqdim qilinayotgan ushbu takliflarlar o‘z navbatida rivojlangan davlatlar bo‘lmish Yaponiya, Xitoy, Rossiya kabi davlatlar tajribasiga asoslangan.
Xulosa shuki, xavfsiz va gigiyena talablariga to‘liq javob beradigan mehnat sharoitlarida ishlash, bolalar mehnatidan foydalanishni taqiqlash, majburiy mehnat bo‘yicha haq to‘lash kabi qoidalarni Konstitutsiya darajasida mustahkamlab qo‘yish davr talabidir.
X. Sulaymanbekova,
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Huquqiy targ‘ibot va ma’rifat bo‘limi yetakchi maslahatchisi