Янгиликлар
30 iyul - Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni
2013-yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan 30-iyul-Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni deb e’lon qilingan.
Barchamizga ma’lumki, keyingi yillarda davlatimizda fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashish, shu jumladan odam savdosiga qarshi kurashish, bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berish, fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini kafolatli himoyalash, xalqaro maydonda davlatimiz imijini oshirish maqsadida fuqarolik jamiyati vakillari va mazkur sohadagi xorijiy nohukumat tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikni ta’minlash borasida qator ijobiy va manzilli chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda, bu yonalishdagi qonunchilik sohasi ham takomillashtirilmoqda.
Hozirgi davrda odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar nafaqat biz, balki butun dunyo xalqlari uchun jiddiy tashvish va xavotirlarni keltirib chiqarmoqda, odam savdosidan jabr ko‘rganlar soni kundan-kunga oshmoqda.
Davlatimiz tomonidan odam savdosiga qarshi kurashish borasidagi qonunchilikni takomillashtirish borasida ham keng qamrovli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Chunonchi,17.04.2008-yilda “Odam savdosiga qarshi kurashishto‘g‘risida”gi Qonun qabul qilingan bo‘lsa, Jinoyat kodeksimizga ham (135-modda “Odamlardan foydalanish uchun ularni yollash”, 137-modda “Odam o‘g‘irlash”, 138-modda “Zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish”) kabi moddalar kiritilib, ushbu toifa jinoyatlar uchun jazoning muqarrarligi ta’minlanishiga zamin yaratilgan.
Qonunda, odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlarining shu yo‘nalishdagi vazifa va faoliyatlari aniq belgilab berilgan.
Bundan tashqari, 08.07.2008-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Odam savdosiga qarshi kurashish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-911-son Qarori qabul qilinib, qarorga asosan 2008-2010-yillarda odam savdosiga qarshi kurashning samaradorligini oshirish bo‘yicha ishlarning Milliy rejasi, Odam savdosiga qarshi kurash bo‘yicha idoralararo Respublika kommissiyasi tarkibi tasdiqlangan.
Yoki, 05.11.2008-yilda Vazirlar Mahkamasining “Odam savdosi jabrdiydalarga yordam berish va ularni himoya qilish bo‘yicha Respublika reabilitatsiya markazini tashkil etish to‘g‘risida”gi Qarori ham qabul qilingan.
Hukumat qaroriga muvofiq Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi huzurida Odam savdosi jabrdiydalarga yordam berish va ularni himoya qilish bo‘yicha Respublika reabilitatsiya markazi tashkil etilgan.
Shuningdek, 30.07.2019-yilda Davlatimiz rahbari tomonidan “Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-5775-son Farmon qabul qilinib, mazkur Farmon bilan Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi (Milliy komissiya) etib qayta tashkil qilindi.
Milliy komissiya-Milliy komissiya raisining o'rinbosari hisoblanadigan O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri rahbarlik qiladigan Odam savdosiga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha kichik komissiyadan va Milliy komissiya raisining o‘rinbosari hisoblanadigan O‘zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri rahbarlik qiladigan Majburiy mehnatga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha kichik komissiyadan iboratdir.
Shu bilan birga, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha milliy ma’ruzachi instituti ta’sis etilib, uning funksiyalari Milliy komissiya raisi zimmasiga yuklatildi.
Farmonga ko‘ra, davlat organlari va hududiy organlarning, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyati samaradorligini, yaqin hamkorligi va bahamjihat ishlashlarini ta’minlash maqsadida ularning odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish, milliy qonunchilikni va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish maqsadida odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida davlat dasturlari hamda boshqa dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishni tashkillashtirish, shuningdek, ularning ijrosini nazorat qilish, odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni tahlil qilish, baholash, monitoring qilish va samaradorligini oshirish, ushbu sohadagi jinoyatlarni aniqlash, tergov qilish, oldini olish va ularga chek qo‘yish amaliyotini o‘rganish, odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida samarali xalqaro hamkorlik va bahamjihat harakatni tashkil etish, shuningdek, mazkur sohada axborotlarni yig‘ish, tahlil qilish va ma’ruzalar tayyorlash kabi o‘ta muhim vazifalar Milliy komissiyaning asosiy vazifalari etib belgilandi.
Bundan tashqari, Odam savdosiga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha kichik komissiya va Majburiy mehnatga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha kichik komissiya to‘g‘risidagi nizomlar hamda 2019-2020 yillarda odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida davlat organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar rejasi (“Yo‘l xaritasi”) ishlab chiqildi.
Xuddi shunday, 17.08.2020-yilda yangi tahrirdagi “Odam savdosiga qarshi kurash to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi.
Qonunga odam savdosidan jabrlanganlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashuvini ta’minlash tartibi va jabrlanganlar haqidagi ma’lumotlarning maxfiyligini ta’minlash tartibi, ularga taqdim etiladigan xavfsizlik choralari, boshqa kafolatlar kabi yangi normalar kiritildi.
Asrlar mobaynida odam savdosiga qarshi kurashish masalasida o‘ttizga yaqin xalqaro hujjatlar ishlab chiqilgan.
Bunga sabab, XIX asr oxiridan boshlab xotin-qizlarning Yevropa davlatlaridan Amerika yoki Shimoliy Afrika qit’alariga keng ko‘lamli migratsiyasi va ayollarni Yevropaga sotish hollari kuzatilib boshlangan.
Bunday salbiy holatlarni oldini olish va chek qo‘yish maqsadida, dastlab 1902 va keyinchalik 1910-yilda Fransiya davlatining poytaxti Parijda o‘tkazilgan konferensiyalarda “Oq qullar savdosiga qarshi kurash” nomli butunjahon Konvensiyasi qabul qilingan.
Mazkur xalqaro hujjat (Konvensiya) vaqt o‘tishi bilan “Ayollar va bolalar savdosini yo‘qotish”, “Voyaga yetgan ayollar savdosini yo‘qotish” nomli butunjahon Konvensiyalari bilan to‘ldirilgan.
Shuningdek, dunyo bo‘ylab odam savdosi muammosiga qarshi kurashishning keyingi tarixiy jarayonlari sekin-asta rivojlanib, 1948-yilda “Inson huquqlari” umumjahon Deklaratsiyasi qabul qilingan.
Bundan tashqari, “Inson huquqlarining Yevropa Konvensiyasi”, “Qullik xususida”gi Konvensiya, “Qullikni yo‘qotish amaliyoti to‘g‘risida”gi qo‘shimcha Konvensiya, “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi Konvensiya, “Ayollarga qarshi diskriminatsiyaning har qanday ko‘rinishlarigaqarshi kurash to‘g‘risida”gi Konvensiyalar ham ishlab chiqilib, ko‘plab davlatlarda amalda qo‘llanila boshlangan.
Odam savdosiga qarshi kurashish borasidagi xalqaro hujjatlarning eng nufuzli va universal xalqaro hujjatlar sifatida “Inson huquqlari” umumjahon deklaratsiyasi, “Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risida”gi xalqaro pakt, “Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risida”gi xalqaro pakt va “Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risida”gi xalqaro paktga fakul’tativ protokolni misol keltirish mumkin.
“Inson huquqlari” umumjahon Deklaratsiyasi 10.12.1948-yilda qabul qilingan bo‘lib, ushbu hujjatda boshqa bir qator xalqaro huquqiy hujjatlarda hamda mamlakatimiz milliy qonunchilik normalarida hamma insonlar o‘z qadr-qimmati va huquqlarida erkin va teng bo‘lib tug‘iladilar, deb mustahkamlangan.
Bundan tashqari, BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 21.03.1950-yilda “Odam savdosi va fohishalikning uchinchi shaxslar tomonidan ishlatilishiga qarshi kurash to‘g‘risida”gi Konvensiya (O‘zbekiston Respublikasi ushbu xalqaro hujjatga 12.12.2003-yilda qo‘shilgan), BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 15.11.2000-yildagi 55/25-sonli rezolyutsiyasi bilan qabul qilingan “Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash to‘g‘risida”gi Konvensiyaga qo‘shimcha odam savdosi, ayniqsa, ayollar va bolalar savdosi haqida ogohlantirish va chek qo‘yish hamda bunday jinoyatlar uchun jazolash to‘g‘risidagi bayonnoma (O‘zbekiston Respublikasi 28.06.2001-yilda ratifikatsiya qilgan), BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 20.05.2000-yildagi “Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga doir, bolalar savdosi, bolalar fohishabozligi va bolalar pornografiyasiga taaluqli Fakul’tativ protokol” (O‘zbekiston Respublikasi 11.12.2008-yilda qo‘shilgan), Xalqaro Mehnat Tashkiloti tomonidan 25.06.1957-yildagi qabul qilgan “Majburiy mehnatni tugatish to‘g‘risidagi” 105-konvensiya (O‘zbekiston Respublikasi 30.08.1997-yilda ratifikatsiya qilgan), Xalqaro Mehnat Tashkiloti tomonidan 17.06.1999-yilda qabul qilingan “Bolalar mehnatining og‘ir shakllarini taqiqlash va yo‘q qilishga doir shoshilinch choralar to‘g‘risidagi” 182-konvensiya (O‘zbekiston Respublikasi 08.04.2008-yilda ratifikatsiya qilgan) qabul qilingan bo‘lib, ushbu hujjatlarning barchasi odam savdosiga qarshi kurash, bolalar va majburiy mehnatni cheklash maqsadlariga xizmat qiladi.
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash lozimki, odam savdosiga qarshi kurashish borasida aholining turli qatlamlari, shu jumladan, ayollar va voyaga yetmagan shaxslarga odam savdosi kabi jinoyatlarning salbiy oqibatlari haqida aholi gavjum joylarda, mahallalarda, ta’lim muassasalarida, davlat idoralari, korxona, muassasa, tashkilotlarda targ‘ibot tadbirlari, keng miqyosdagi tushuntirish ishlarini amalga oshirish, ularda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni oshirish asosiy vazifalardan biridir.
Sardoba tuman yuridik xizmat ko‘rsatish markazi